Sinov laboratoriyalari ham qat'iy tekshiruvlardan o'tkaziladi?!

    Avvallari 100 ta laboratoriyadan 99 tasi akkreditatsiyadan o'tkazilgan bo'lsa, bugungi kunda bu ko'rsatkich 50 taga ham yetmayapti.

    Eksport salohiyatining ortib borishi mamlakat iqtisodiyoti va uning rivojlanishida muhim rol o'ynaydi. Yurtimizda so'nggi yillarda eksport munosabatlarining yangi tizimi shakllanib, o'zbek brendi ostidagi mahsulotlar an'anaviy hamkor davlatlardan tashqari, yangi bozorlarga kirib bormoqda. Natijada, birgina 2021-yilning yanvar-iyul oylarida O'zbekistonning jami eksport hajmi 8,1 milliard AQSH dollarni tashkil etdi.

    Xorijga mahsulot chiqarishning o'z talablari bor, ulardan biri sifat mezoni hisoblanadi. Ayniqsa, dunyoda xalqaro sifat va standart ko'rsatkichlariga talab ortib borayotgan bugungi davrda ushbu mezon qat'iylashmoqda. Mahsulotga yopishtirilgan sifat yorlig'i uning ana shu talablarga to'liq mos kelishini tasdiqlagan taqdirdagina, u xorijdagi bozorlar rastalaridan joy oladi.

    Har qanday tovar yoki mahsulot savdo shahobchasi ostonasidan sifat belgisi bilan kirib borishi lozim. Buning uchun ular maxsus laboratoriyalarda sifat va xavfsizligiga daxldor qator tekshiruvlardan o'tadi. Ana shu sifat bo'yicha asosiy mexanizmlardan birini akkreditatsiyadan o'tkazilgan laboratoriyalar olib boradi. Ya'ni, turli xizmatlar ko'rsatuvchi laboratoriyalar faoliyati ham tegishli tuzilma — 2019-yilda O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida ish boshlagan “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat korxonasi tomonidan xalqaro standartlar asosida baholanib, barcha talablarga javob bersagina, akkreditatsiyadan o'tkaziladi. Natijada ushbu laboratoriyalar tomonidan beriladigan sinov natijalari xorijda tan olinib, tadbirkorlarga o'z mahsulotini eksport qilish imkoniyatini oshiradi.

    — Bugungi kunda mahalliy sertifikatlash idorasi xorijiy tan olingan akkreditatsiya idoralaridan akkreditatsiyadan o'tgan zamonoq, maxalliy akkreditatsiya idorasi unga ham milliy, ham xalqaro sertifikatlarni berishi imkoniyati yaratilmoqda, — deydi “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK direktori Ansabxon Zokirov. — Ana shu birgina xalqaro tan olingan sertifikat bilan ham ichki, ham xorijiy davlatlar uchun mahsulotlarni eksport qilish va chet el bozoriga ularning texnik to'siqlarsiz kirib borishiga sharoit yaratiladi. Sinov hujjati yoki sertifikat mahsulotning sifati, xavfsizligiga kafolat hisoblanadi. Aslida, sertifikatlashtirish muvofiqlikni baholashning bir turi. Mahsulot, xizmat yoki jarayon bo'ladimi, ularga nisbatan o'rnatilgan talabga qanchalik javob berishini aniqlash esa muvofiqlikni baholash sanaladi.

    Hozirgi kunda muvofiqlikni baholashni amalga oshiradigan idoralar turi juda ko'p bo'lib, ulardan eng keng tarqalgani sinov laboratoriyalari va sertifikatlashtirish tashkilotlaridir. Ana shu idoralarning etarli kompitentlikka asosan faoliyat yuritishi Akkreditatsiya markazi tomonidan tasdiqlanadi. 2021-yilda markaz tomonidan 120 ta murojaatlar ko'rib chiqilgan bo'lib, 32 ta muvofiqlikni baholash organlari Milliy akreditatsiya tizimida xalqaro standartlarga asosan muvaffaqiyatli akkreditatsiyadan o'tkazildi. Ayni vaqtda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan 400 dan ortiq muvofiqlikni baholash idoralari faoliyat yuritib kelmoqda.

    So'rovlar nima uchun rad etilmoqda?

    Akkreditatsiya yurtimizda nisbatan yangi tushuncha bo'lib, hozirda “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK yurtimizda muvofiqlikni baholash idoralarini akkreditatsiyadan o'tkazish bo'yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi. Tuzilma ISO/IEC 17011:2017 xalqaro standart talablari asosida faoliyat yuritadi.

    Akkreditatsiya bo'yicha ishlar majmui tashkilot vazifalarining asosiy yo'nalishi xisoblanib, unga dastlabki akkreditatsiya, davriy baholash (inspektsiya nazorati), takroriy akkreditatsiya, akrreditatsiya sohasini kengaytirish yoki qisqartirish kabilar kiradi.

    Bu tizimdan o'tish ixtiyoriy amaliyot bo'lib, korxona-tashkilot yoki sinov laboratoriyalarining ehtiyoji asosida amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan o'tganlik to'g'risidagi guvohnoma 5 yil muddatga beriladi. Laboratoriyaning muddatni keyingi 5 yillikka surishga ehtiyoji bo'lsa, masofadan turgan holda ikkinchi akkreditatsiya jarayoni o'tkaziladi. Bu xalqaro talablarda ham ko'rsatilgan. Bunda ham xarajat, ham vaqt qisqarishiga erishiladi.

    Mutaxassislarning ta'kidlashicha, akkreditatsiyadan o'tkazish jiddiy jarayon bo'lib, odatda 2 oydan 6 oygacha davom etadi. Shu vaqt davomida talabgor tomonidan hujjatlar taqdim etiladi va ekspertiza o'tkazish, joyiga chiqqan holda o'rganish, eng asosiysi, kadrlar malakasini baholash ishlari olib boriladi. Jarayonda 3 ta asosiy prinsip — halollik, shaffoflik va ochiqlik bosh mezondir.

    — So'nggi yillarda bu boradagi talablar qat'iylashgani bois, ko'p hollarda, akkreditatsiya olish so'rovlari rad etilmoqda, — dedi Ansabxon Zokirov. — Xususan, avvallari 100 ta laboratoriyadan 99 tasi akkreditatsiyadan o'tkazilgan bo'lsa, bugungi kunda bu ko'rsatkich 50 taga ham yetmayapti. Biz xalqaro standartlarni joriy qilgan holda baholash ishlarini boshlaganimizdan so'ng, laboratoriyalarda texnikalar, xodimlar malakasiga e'tibor sustligi xolatlari yuzaga chiqib qolyapti. Buning ijobiy tomonlari ham bor. Ya'ni, talabga javob bermagan idora akkreditatsiyadan o'tish uchun keyingi baholashgacha barcha kamchiliklarini to'g'irlashga harakat qiladi. Bu esa uning sinov imkoniyatlari va sifati oshishiga yo'l ochadi.

    Oxirgi uch yilda tizimda keng ko'lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK 2019-yil aprel oyidan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi akkreditatsiya hamkorligi (APAC), 2020-yil aprel oyidan Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi (ILAC) hamda 2020-yil dekabr oyida Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF)ga a'zo bo'ldi hamda Milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olindi. Bu a'zolik natijasida sinov bayonnomalari bilan mahalliy sertifikatlar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy davlatlarda tan olinishiga erishiladi.

    Ammo bu tashkilotlarga kirish va ularning uslubiy talablarini bajarishdan tashqari, ko'ptomonlama tan olish bitimlarini imzolash muhim. Ushbu tashkilotlar doirasida ikkita alohida xalqaro bitimlar mavjudki, ularni imzolash orqali barcha milliy akkreditatsiya organlari, ya'ni, bitim ishtirokchilari bo'lgan davlatlar bir-birlarining akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash natijalarini tan oladilar. Joriy yil oktyabr oyida xorijlik ekspertlar guruhi yurtimizga markazni baholashga kelishi kutilmoqda. Ularning ijobiy xulosalari yuqoridagi ikkita yirik xalqaro tashkilotning ko'ptomonlama tan olish bitimlariga to'laqonli a'zo bo'lishni ta'minlaydi.

    Xalqaro standartlar talabi

    Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi muhim sanalar ekan, bu borada yurtimizda xalqaro sifatlarni joriy etish dolzarb bo'lib boraveradi. Shu jihatdan, Prezidentning 2021-yil 2-iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi farmoni asosida tizimni tubdan isloh qilish va sohani rivojlantirishga oid vazifalar belgilandi. Unda “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat korxonasiga ham bir qator yo'nalishlarda islohotlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

    Jumladan, farmonda xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a'zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan ijobiy baholangan O'zbekiston Respublikasi rezidentlari — muvofiqlikni baholash organlariga milliy akkreditatsiyadan o'tmagan holda, bu haqida “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DKni xabardor qilib, muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga ruxsat berildi. Bunda, rasmiylashtirilgan muvofiqlikni baholash hujjatlarida ILAC/IAF tashkilotlarining tan olish belgilari ko'rsatilishi va ushbu hujjatlar ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi muvofiqlikni baholash organlari tomonidan ta'minlanishi zarur.

    “O'zbek-Turk test markazi” MCHJ xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a'zosi hisoblangan idora tomonidan akkreditatsiya qilinganligi haqida Markazni xabardor qilgan korxonalardan biri. Turk standartlar instituti hamda O'zstandart agentligi hamkorligida tashkil qilingan ushbu qo'shma korxona o'z faoliyatini 2004-yilda boshlagan. Joriy yilda MCHJ laboratoriyalari qayta modernizatsiya qilinib, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan qabul qilingan texnik reglamentga asosan, mahsulotlar xavfsizligini yevro normalar asosida tekshirib beradigan eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

    Qo'shma korxona bosh direktori Muzaffar Hamzayevning ta'kidlashicha, majmua to'qimachilik mahsulotlari, o'yinchoqlar, idish-tovoqlar hamda past kuchlanishli apparatlarni sinash laboratoriyalaridan tashkil topgan. Sinov jarayoni muddati mahsulot turiga qarab davom etadi. Masalan, bitta to'qimachilik matosi uzog'i bilan 2 ish kunida sinovdan o'tkaziladi. Shvetsariya, Italiya, Germaniyadan keltirilgan zamonaviy laboratoriya jihozlari tahlillarni avtomatik tarzda, inson omilisiz, 95 foiz aniqlikda ko'rsatadi.

    Laboratoriyalar eshigidan mo'ralagan kishi, albatta, biror mahsulotning sinov jarayoniga duch keladi. O'yinchoq idish-tovoqlarni sinash laboratoriyasida ham doim ish qizg'in. Bu gal bolalar aravachasi sinov uskunasiga tekshirishga qo'yildi. Aravachaga bolaning o'rniga ma'lum og'irlikdagi yuk joylanib, uning ko'tarish imkoniyatlari, tormozi, himoya kamarlarining mustahkamligini tekshirishga hozirlik ko'rildi. Bir necha soniyadan so'ng aravacha kuchli bosimda itarildi. Ma'lum masofaga yurgizilgan aravachani ko'zdan kechirgan mutaxassis yuk tushib ketmagani, buyumning hech qayeri sinmagani, himoya kamarlari uzilib ketmaganini tasdiqladi. Demak, tovar talabga javob beradi va muvofiq, deb topildi.

    Bugungi kunda mazkur sinov laboratoriyasi respublikamizdagi ko'plab tashkilotlar, shuningdek, mahsulotni import yoki eksport qilayotgan mahalliy korxonalarga xizmat ko'rsatib kelmoqda. Joriy yil 28-iyun kuni Milliy akkreditatsiya tizimi asosida akkreditatsiyadan o'tganlik guvohnomasiga ega bo'lgan qo'shma korxona sertifikatlari xorij davlatlarida ham tan olinadi.

    Hozirda ko'plab korxonalar ana shunday qulayliklardan foydalanib, mahsulot sifatiga alohida e'tibor qaratayotgani quvonarli hol. Ayni paytda akkreditatsiya xizmatlarini ko'rsatishda mijoz bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqa qilish holatlarini yanada qisqartirish, xizmatlarni biznes jarayonlarning reinjiniringiga (BPR) o'tkazish yo'li bilan yanada optimallashtirish bo'yicha “E-accreditation” milliy axborot-dasturiy ta'minoti amaliyotga joriy etildi.

    Shuningdek, tizimda qabul qilingan Prezident farmon va qarori ijrosi yuzasidan islohotlar amalga oshirilishi natijasida majburiy attestatsiyani bekor qilish bo'yicha 596 nafar ekspert-auditorlar va 6 152 nafar sertifikatlangan xodimlar uchun majburiy sertifikatlashtirish talabi bekor qilinadi. Muvofiqlikni baholashdagi tashqi ko'rikni o'tkazish uchun akkreditatsiya olish talabining bekor qilinishi orqali esa 268 ta laboratoriyada o'rtacha 52 tadan ko'rsatkich qisqartiriladi.

    Bir so'z bilan aytganda, muvofiqlikni baholashda shu kabi xalqaro standartlarning joriy etilishi O'zbekistonning sifat bo'yicha indekslarda yuqori o'rin egallashi, yurtimiz investitsion salohiyati, eksport ko'lamining oshishiga, eng muhimi, aholining sifatli mahsulot, tovar yoki xizmatga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashga xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri