Oxiri daragi chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, bu tabletkalar Pekindagi farmatsevtika korxonasida ishlab chiqarilib, oʻsha yerda 14 dollardan sotilar ekan. Lekin tanishlarimdan birortasining bu mamlakat bilan aloqasi yoʻq edi. Shunday boʻlsa-da, urinishlarim samara berib, oradan ikki oylar oʻtgach, hayotbaxsh dori qoʻlimga kelib tushganda koʻzimga yosh keldi. Dori-darmonning eksportga qaramligi insonni qanchalik ogʻir ahvolga solib qoʻyishiga oʻshanda yana bir bor amin boʻlganman.
Imkoniyatlar eshigi ochildi
Bugungi Sirdaryo kechagi Sirdaryo emas! Yaqin-yaqingacha sanoati rivojida moʻjiza sodir boʻlishi kutilmagan, iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi oʻrinda turgan vohada investitsion loyihalarni amalga oshirish, eksport salohiyatini koʻpaytirishda murakkabliklar mavjud edi. Lekin moʻjiza yuz berdi. Mamlakatimizning dunyoga yuz ochishi, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishda katta imtiyoz va imkoniyatlar, preferensiyalar berilishi Sirdaryo sanoati rivojida ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Qoʻriq vohaning Yangiyer shahri, Sirdaryo tumanlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi. Investorlarga boj, soliq, eksport va import imtiyozlari berildi. Natijada dunyoning xorijlik investorlar ishtirokida koʻplab gigant korxonalar qad rostladi. Shirin shahrida Fransiya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni kompaniyalari ishtirokida qiymati bir necha milliard dollarlik ikkita zamonaviy IES barpo etilayotgani, Xitoyning WANGDA ROLLING STELL kompaniyasi tomonidan metallurgiya korxonasi ishga tushirilgani buning yaqqol isbotidir.
Sirdaryoni atrofdagi oʻndan ortiq davlatga tanitayotgan yana bir soha borki, uni viloyat iqtisodiyoti taraqqiyotining lokomotivi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu tobora gurkirab rivoj topayotgan Sirdaryo farmatsevtikasidir.
Sirdaryo viloyatida dori-darmon ishlab chiqarish koʻlami kengayishida davlatimiz rahbari tashabbusiga koʻra sohada yaratilgan imkoniyatlar katta ahamiyatga ega boʻldi. 2017-yilda farmatsevtika sanoatiga oid investitsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Sirdaryo tumanida “Sirdaryo-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, unga 212,8 gektar yer ajratildi. Iqtisodiy zonada amalga oshiriladigan investitsion loyihalar uchun olib kiriladigan uskunalar, dastgohlar, xomashyo uchun boj imtiyozlari berildi. Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar eksportini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar belgilandi. Ishlab chiqarishni diversifakitsiyalash, lokalizatsiya dasturi ishga tushdi. Natijada erkin iqtisodiy zona hududida hozirga qadar umumiy qiymati 132,6 million dollarlik 8 ta yirik loyihani amalga oshirishga kirishildi. Qisqa vaqtda 104,7 million dollarlik 6 ta loyiha toʻliq ishga tushirilib, qariyb 868 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Sirdaryo viloyatidagi farmatsevtika yoʻnalishiga ixtisoslashgan korxonalar soni 7 tadan 21 taga yetdi.
Importdan eksportga
Ishonish qiyin boʻlgan fakt: oʻn yillar burun ham yurtimizga tibbiyot momigʻi, bintning asosiy qismi import qilinardi. Albatta, paxta yetishtirish boʻyicha dunyoning kuchli oʻntaligiga kiradigan Oʻzbekistonga yuz foiz paxtadan tayyorlanadigan ushbu mahsulotni chetdan olib kelish hech bir mantiqqa sigʻmaydi. Nahotki ularni xorijdan keltirishimiz shart boʻlgan? Afsuski, shunday. Bint va momiq tayyorlash uchun zarur texnologiyalar, toʻqimachilik dastgohlari oʻzimizda yoʻq edi.
Sirdaryoda farmatsevtika sanoatiga asos solingan dastlabki yillarda bunyod etilgan “SARBONTEKS”, “BAXTTEKS-FARM” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida mana shu mantiqsizlikni barataraf etishga kirishildi. Bu korxonalarga Yevropa va Osiyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining eng zamonaviy dastgohlari oʻrnatildi. Ishlab chiqarilgan oʻnga yaqin turdagi sterillangan, jahon standartlari darajasidagi mahsulotlar nafaqat ichki ehtiyojimizni qondirmoqda, balki oʻndan ortiq davlatga eksport qilinmoqda.
“REKA-MED FARM” Oʻzbekiston–Rossiya–Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan infuzion suyuqliklar dastlab shu turdagi mahsulotlarga boʻlgan ichki ehtiyojni qondirishga qaratilgandi. Endi esa korxonaning inyeksiya uchun zarur suyuqliklari bir qancha davlatlar bozorlariga yoʻnaltirilmoqda. Ushbu korxonalar mahsulotlari qadoqlarida koʻzni quvontiradigan, yorqin harflar bilan bitilgan “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan soʻzlar bor Bu esa har qanday yurtdoshimiz qalbida cheksiz gʻurur tuygʻusini uygʻotadi.
Yangi marralarni zabt etib
Hozir Sirdaryo viloyatida 21 ta farmatsevtika korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili umumiy qiymati 152 milliard soʻmlik 2 ta loyiha ishga tushirildi. Ishlab chiqarish hajmi esa 20 milliard soʻmga yetdi. Yuzdan ortiq mahalliy yosh ish bilan taʼminlandi.
Hudud farmatsevtika korxonalari 2021-yilda 206,5 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, ularning 4,7 million dollarlik qismini eksport qildi. Quvonarlisi, ularda 2 mingdan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etildi. Joriy yilning birinchi choragida esa 51,9 milliard soʻmlik dori-darmon, tibbiyot buyumlari isteʼmolchilarga yetkazib berildi. Eksport hajmi 1 million dollardan oshdi.
Eksport mahsulotlari orasida mahalliy dorivor giyohlardan tayyorlanganlari ham bor. Sirdaryoning ariq va zovur boʻylarida yovvoyi holda oʻsadigan qizilmiya ildizidan tayyorlanayotgan sirop anchagina mashhur. U yuz foiz tabiiy, ekologik toza boʻlib, balgʻam koʻchirish, yalligʻlanishga va allergiyaga qarshi taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, meʼda-ichak yoʻllarining surunkali yalligʻlanish kasalliklarida, ayniqsa, meʼda shirasi kislotasi oshib ketganda uni ichish foydali. Bundan tashqari, meʼda va oʻn ikki barmoq ichak yarasi bitishini tezlashtirish xususiyatiga ega.
Viloyatning dori-darmon eksporti geografiyasi kengayib bormoqda. Dastlabki yillari qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlarga mahsulot yetkazib berilgan boʻlsa, hozir Ukraina, Bolgariya, Rossiya, Gruziya kabilar ham xaridorlar safidan joy oldi. Eʼtiborlisi, farmatsevtika korxonalarida tayyorlangan preparatlar, tibbiyot bogʻlamalari, medtexnika sifati, jahon standartlari talablariga javob berishi bilan xorijda shuhrat qozonyapti. Ularning nafaqat koʻlami, balki turlari ham kengayayotgani eʼtirofga loyiq. Hozirgi paytda bir martalik shpris va sistemalar, kapsulali dorilar, tibbiyot niqoblari, maxsus kombinzonlar, tibbiyot bogʻlamalarining yanada sifatli, xaridorgir turlarini ishlab chiqarish oʻzlashtirilyapti.
— Farmatsevtika sanoati rivojidagi bunday salmoqli yutuqlarga hukumatimizning koʻmagi, eʼtiborisiz erishib boʻlmasdi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimligi tashqi savdo va investitsiyalar boʻlimi kotibiyat mudiri Gʻulom Qarshiyev. — Ochiq, pragmatik siyosat, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilishi viloyatimizning investitsion jozibadorligini oshirdi. Bu esa yaqinda hududimizda ilk bor tashkil etilgan xalqaro investitsion forumda ham oʻz isbotini topdi. Tadbirda boshqa sohalar qatori farmatsevtikaga investitsiya kiritish boʻyicha ham oʻnlab takliflar oʻrtaga tashlandi.
Rejalar ulkan, qadamlar salobatli
Yaqin yillarda Sirdaryoda farmatsevtika sanoati yanada keng quloch yoyishi koʻzda tutilgan. Birgina joriy yilning oʻzida eksport hajmini 9,1 million dollarga yetkazish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. 2026-yilgacha umumiy qiymati 975 milliard soʻmlik 14 ta yangi investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Natijada 93 turdagi dori, 80 turdagi tibbiy buyum, 17 turdagi tibbiyot texnikasi va 12 turdagi biologik faol qoʻshimcha ishlab chiqarish konveyerga qoʻyiladi. Rejaga muvofiq, eksport hajmi 35,5 million dollarga, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar salmogʻi 133 million dollarga yetadi. Byudjetga 42,3 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushiriladi. Ikki yarim mingdan ziyod yosh oʻz ish oʻrniga ega boʻladi.
Joriy yilning oʻzidayoq ishlab chiqarish hajmini 375,7 milliard soʻmga yetkazish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan. Xususan, “Omonmedfarm” MCHJ tomonidan inyeksion va infuzion eritmalar, “Guliston Med Texnika” MCHJning tibbiyot vositalari ishlab chiqarish investitsion loyihalarini amaliyotga joriy etishga kirishildi.
Jami sakkizta loyiha natijasida yil oxirigacha 72 ta turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Rejaga muvofiq, ishlab chiqarish va eksport hajmi oʻtgan yildagiga nisabatan qariyb ikki baravar oshadi. Har biri oltin qadar qadrli ikki yuz ellikta yangi ish oʻrni yoshlarni oʻz bagʻriga chorlaydi.
* * *
Har birimiz issiq jonmiz. Vaqti-vaqti bilan shifoxonaga, dorixonalarga ishimiz tushib turadi. Ayniqsa, global miqyosda tibbiyot va farmatsevtika tizimini sinovdan oʻtkazgan pandemiya sharoitida ularga murojaat qilish hajmi keskin oshdi. Ana shunday sharoitda dori-darmon ishlab chiqarishni koʻpaytirish eng oqilona yoʻl ekani yana bir bor isbotini topdi. Davlatimiz rahbari ushbu masalaga juda katta eʼtibor qaratayotgani, bu borada ulkan vazifalar qoʻyilayotgani, eng avvalo, har bir yurtdoshimizning salomatligini kafolatlashga, har oʻgʻil-qizning sogʻlom, jismonan komil boʻlib yetishishiga qaratilgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Darvoqe, yaqinda Gulistondagi dorixonalardan biriga kirib hayratga tushdim. Koʻzlarimga ishongim kelmasdi. Dorixona peshtaxtasida bir paytlar men xorijdan ne mashaqqatlar bilan keltirgan preparat turardi. Qoʻlimga olib, qadogʻidagi yozuvni oʻqib, bir hayratimga oʻn hayrat qoʻshildi. Unda oʻz Vatanini sevuvchi har qanday kishining qalbida quvonch uygʻotuvchi sehrli bitiklar bor edi. “Ishlab chiqaruvchi “SIRDARYO NEO TABLET PHARM” masʻuliyati cheklangan jamiyati”. Mana shu soʻzlarning oʻzi ham koʻp narsani anglatadi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
jurnalist