Ilgarilari oʻtkazilgan profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar oʻrniga maqsadli skrining, total patronaj xizmati tizimi oʻrniga esa hamshiralikning universal-progressiv patronaj tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Oldinlari birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida faoliyat olib borgan Umumiy amaliyot shifokori (UASʼH) Oilaviy shifokorlarga aylantirilib, ularning funksiya va vazifalari belgilab berildi.
Yangi tartib asosida tashkil etilgan Oila shifokorlari mahallabay tizimda ish olib boradi. Viloyatdagi 236 ta mahalla, unda istiqomat qilayotgan aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish uchun tizimdagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida 421 ta “Tibbiy brigadalar” tashkil etildi va ular tomonidan aholini barcha qatlami qamrab olindi.
Ushbu ishni tartibli va mukammal yuritish maqsadida, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan 10 nafari Toshkentda malaka oshirib qaytgandi. Ular tomonidan Gulistonda ana shu soha vakillari uchun oʻquv seminari ham tashkil etilib, ularning malakasi oshirildi.
Shuningdek, yangi tizimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha shtatlar ajratilib, 268 nafar oʻrta tibbiyot xodimi muqim ish joylari bilan taʼminlandi. Endi ular aholi salomatligini mahallabay va koʻchabay oʻrganib, fuqarolarga tibbiy xizmat koʻrsatadi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.