2020-yilda Sirdaryo viloyatida 368 ming 612 tonna mahsulot eksport qilingan boʻlsa, shundan 133 ming tonnasidan ziyodi sabzavot, 7 ming 950 tonnasi hoʻl meva tashkil etgan.
Yil boshidan shu kungacha 34 ming 752 tonna mahsulot chetga eksport qilingan. Yil yakuniga qadar 415 ming tonna mahsulot eksport qilish koʻzda tutilgan. Joriy yilda eksport qilinayotgan mahsulotlarning turini koʻpaytirish va hajmini oshirish borasida rejali tadbirlar olib borilyapti.
Bundan toʻrt besh yil oldin qishloq xoʻjaligi mahsulotlari asosan Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilingan boʻlsa ayni kunda dunyoning yigirmadan oshiq davlatlariga xususan, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Polsha va Eron boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Bu Sirdaryo zaminida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga jahon bozorida talab ortib borayotganidan dalolat.
Sirdaryo viloyati Oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi tomonidan viloyatda yetishtirilayotgan toʻqsonbosti ekinlar, issiqxona xoʻjaliklaridagi pomidor, bodring baqlajon bosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining fitosanitar holati doimiy ravishda nazorat qilib boriladi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.