2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni loyihasiga koʻra, 2023-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etiladi.
Sirdaryo viloyatida tibbiy sugʻurtani joriy etish boʻyicha oʻtkazilgan eksperiment natijalarini inobatga olgan holda, bu tizim bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etiladi. Bunda, tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish yaxshilanishi hisobiga aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshishi aytilmoqda.
Shuningdek, 2023-yil yakuniga qadar nogironligi boʻlgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlami 2 barobar oshirilib, 30 ming nafarga yetkazilishi nazarda tutilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Eslatib oʻtamiz, Davlat dasturi loyihasi jami 309 ta banddan iborat.