Sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinidagi davolash sifati haqida gap ketganda, albatta munosib shart sharoit va kadrlar masalasi koʻz oʻngingizga keladi.
2020-yilning 6-noyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektorda ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Shunga asosan Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan reja-dastur ishlab chiqilib, Olis, chekka hudud aholisiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va ularga xizmat koʻrsatayotgan tibbiyot xodimlarni malakasini oshirish maqsadida respublikamizdagi koʻzga koʻringan davlat tibbiyot muassasalarining oliy toifali malakali mutaxassislardan tashkil topgan guruhlar shakllantirilib, aniq belgilangan grafik asosida viloyatlarga xizmat safariga yuborilmoqda.

Ular olis, chekka hududlarda aholi salomatlik koʻrsatkichlarini tekshirib, amaliy yordam berib qolmay, hududdagi tibbiyot xodimlarga mahorat darslarini oʻtab, ular tajribasini ortishiga koʻmaklashmoqda.

Kuni kecha, Sirdaryo viloyat dermatovenerologiya va kosmetologiya dispanseriga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining dermatologiya statsionar boʻlimi mudiri, Sirdaryo viloyat boʻyicha kuratori Sarvar Begumqulov boshchiligidagi vrachlar, vrach-laborantlar kelishgandi.

Ular ikki kun mobaynida viloyatdagi, viloyat dermotovenerologiya va kosmetologiya dispanserida boʻlishib, teri-tanosil kasalliklar bilan bogʻliq muammolarni Sirdaryolik mutaxassislarning hamkorligida oʻrganishdi. Kasallikka chalingan bemorlarga maslahat va amaliy yordam berib qolmay, soha xodimlariga mahorat darslarini oʻtadi.

Hududlarda dispanserni hududiy boʻlimlarini tashkil etish, ularda ham telemeditsina aloqalarini yoʻlga quyish, yangi zamonaviy davolash usullarini amaliyotga tatbiq qilish borasida tashkiliy-uslubiy va ilmiy-amaliy yordam berish borasida Sirdaryolik tibbiyot xodimlar bilan kelishib olishdi. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan Sirdaryo viloyat dermatovenerologiya va kosmetologiya dispanseri oʻrtasida tuzilgan hamkorlik bitimlari shu bilan toʻxtab qolmaydi.

Telemeditsina sohasi viloyatda yoʻlga qoʻyilgandan soʻng Sirdaryolik tibbiyot xodimlar poytaxtlik mutaxassislar bilan bir vaqtda maslahatlashib kasallikka chalingan bemorlarga yordam berishi bilan birga, aniq tashxis quyishmoqda. Bu esa bemorlarni ortiqcha vaqt va ortiqcha mablagʻ sarflab yurishiga chek quyib qolmay, respublikamizdagi muassasalarga sabab va besabab vaqt yoʻqotib borishini oldini olishga yordam bermoqda.

Gʻulom PRIMOV,

sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati