Shu oʻrinda savol tugʻiladi: gʻoya qanday paydo boʻladi yoki gʻoyaviy boʻshliq tahlikasining fojiasi nimalarda koʻrinadi?

Asliyatan gʻoya – maqsad, intilish va niyat ifodasi. U, shuningdek, kishilarning dunyoqarashi asosini tashkil etuvchi fikr va tasavvur shuuri hamdir. Gʻoya paydo boʻlishi insoniyat yashab qolishi bilan uzluksiz bogʻliq hodisa sifatida roʻy bergan ibtidoiy hodisadir.

Bu oʻrinda aql gʻoyasi paydo boʻlish jarayoni ham qiziq. Insoniyat ilk bor oʻz aqlini chorasizlik tufayli – tabiatda yashab qolish uchun ishlatgan. Shundan buyon hayot gʻoyasi buyuk neʼmat – aql bilan takomillashib keladi. Ammo yana bir achchiq haqiqat borki, bu gʻoyaviy boʻshliq tufayli insonlar qudrati ojizlashganida koʻzga tashlanadi. Yaʼni insonlarning gʻoyasiz yashagan ojiz davri bilan bugungi hayotni taqqoslasak, taraqqiyot kuchi qanchalik qudratli ekaniga shubha qolmaydi.

Biz yashayotgan zamonda gʻoyaviy boʻshliq hodisasi mamlakatlar, millatlar va eʼtiqodlar tanazzuliga teng fojiadir. Shu maʼnoda, har qanday davlat oʻz gʻoyalariga sodiq boʻlishi, qadriyatiy tutumlarini asrab-avaylashi va, eng muhimi, oʻz qoʻrgʻonini milliy manfaatlar asosida himoya qila olishi hayot-mamot masalasiga aylangan.

Hozir bu fikrlar xayolimizdan bejiz oʻtayotgani yoʻq. Gap shundaki, gʻoya paydo boʻlishi uchun hamma zamonlarda ham yetakchilik va tashabbuskorlik ruhi zarur boʻlgan. Pirovardida daholik qudrati boʻy koʻrsata boshlagan. Bugun yangi Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan nuktadon siyosiy evrilishlar bizga har kuni yangi bir soʻz aytish uchun imkon beradi.

Ayniqsa, milliy taraqqiyotimizning ikkinchi toʻlqini – 2023-2030-yillarda biz maqsad qilgan qutlugʻ rejalar shukuhi va ularni amalga oshirish yoʻlidagi masʼuliyat hissi har birimizga joʻshqin kayfiyat ulashayotgan bir pallada jamoat bilan fikrlashish zavqi boshqacha boʻladi.

GʻOLIBKOR DILKASHLIGI

Dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Oʻzgarayotgan dunyo yangicha tafakkurni taqozo etadi. Yangi Oʻzbekiston ana shu katta intellektual salohiyat, aqliy imkoniyat va ruhiy shijoat davrida oʻz taraqqiyoti va porloq istiqbolining yangi yoʻnalishlarini kashf qilmoqda. Yangilanayotgan dunyoga butunlay yangicha nazar bilan qaramoqda.

Bunday qarashlarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosimda guvoh boʻldim. Uzoq yillik tajribam, qator xalqaro va milliy nufuzli tantanalarga, marosimlarga guvoh boʻlgan inson sifatida aytishim mumkinki, hozirgi sivilizatsiya sharoitida butkul yangi, tasavvurimizga sigʻmaydigan, yangi odamlar jamiyati va butunlay yangilangan Oʻzbekiston davlati paydo boʻldi. Tadbir gʻoyatda yuksak siyosiy, mafkuraviy, maʼnaviy etalon darajasida oʻtdi. Siyosiy joʻshqinlik, olis istiqbolga ishonch va qatʼiyat bilan qarash, oʻtayotgan kunidan minnatdorlik tuygʻulari tadbir qatnashchilarida ham, butun xalqimizda ham yaqqol sezildi. Tantanavorlik bilan oʻzaro ishonch, ulugʻvorlik bilan sharqona siyosiy odob, yuksak siyosiy madaniyat, odamlar bilan muloqotning oʻta samimiy va dilkashligi menga katta quvonch bagʻishladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, nazarimda, xuddi har bir odam bilan yonma-yon turib, bir piyola choy ustida suhbat qurayotganday boʻldi. Maʼruzadagi soʻzlar, jumlalar chin qalbidan chiqardiki, bu tinglovchida ham xuddi shunday samimiy munosabatni uygʻotardi.

Siyosiy yetakchi qachon bu holga erishadi? Qachonki, xalq ishonchi va mehrini qozona olsa. Qachonki, boshlagan ishi va maqsadlari samarasini koʻrayotgan, uni butun boshli mamlakat ahli qoʻllab-quvvatlayotgan, dunyo eʼtirof etayotgan boʻlsa.

Izohli lugʻatimizda “gʻolibkor” degan soʻz bor. U “gʻalaba qiluvchi”, “gʻalabaga olib boruvchi” degan maʼnolarni anglatadi.

Men gʻolibkor Prezident nutq soʻzlayotganida shular haqida oʻyladim. Ittifoqo, dilkash bir siyosiy quvvatlanish ruhidan ilhomlanib, xayolimdan oʻtayotganlarni qoralay boshladim.

MAʼNAVIY TALAB

Biz yuqorida gʻoyalar qudrati haqida aytgan edik. Bu fikrlar aslida Prezidentimizning inauguratsiya marosimida soʻzlagan nutqidan keyin tugʻilganini ham ochiq aytishimiz kerak.

Davlatimiz rahbari “Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”, deya taʼkidladi. Sodda, joʻn, chin yurakdan aytilayotgan samimiy va xalqona soʻzlar.

Masalaning ikkinchi jiddiy jihati bor. Bu ana shu ixchamgina, oddiygina qilib aytilgan gaplarning magʻzi bilan bogʻliq. Darhaqiqat, yangi davr uchun yangi gʻoya kerak. Gʻoya yangilanmasa, fikr oʻzgarmasa, yangicha tafakkur tarzi shakllanmasa, hayotni oʻzgartirib boʻlmaydi. Oʻzgartirish uchun esa ichki ragʻbat, qalb daʼvati, tashabbuskorlik zarur. Tashabbus bor joyda natija boʻladi. Aniq va real natijaga erishgandagina hayot oʻzgarayotganini, yangi davr boshlanganini tushuna boshlaymiz.

Tashabbuskorlik mudroq qalbni uygʻotadigan, har qanday tanballik, befarqlik va loqaydlikka barham beradigan, insonning bunyodkorlik va yaratuvchilik imkoniyatlarini kengaytiradigan maʼnaviy-ruhiy qudrat. Biz tashabbuskorlar jamiyatini, bunyodkorlar mamlakatini, butunlay yangi gʻoyalar bilan yashaydigan yangi Oʻzbekistonni qurmogʻimiz shart. Shavkat Mirziyoyevning birgina gapida shuncha maʼno bor. U har birimizni hushyorlikka chaqiradi. Yelkamizga millat va davlat taqdiri, Oʻzbekiston degan oʻttiz olti millionli azizu moʻtabar aholining istiqboli bilan bogʻliq majburiyatni yuklaydi.

Tantanali marosim ishtirokchilari butun tadbir davomida juda katta qoniqish va koʻtarinki kayfiyat bilan oʻtirdi. Nutqdagi har bir soʻz, har bir gap qalbga yaqinligi tufayli odamlarning yuragiga toʻgʻridan-toʻgʻri kirib bordi. “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”, deyildi nutqda. Darhaqiqat, vaqt – bebaho neʼmat. Hayot abadiyligi va vaqtning oʻlchovliligi bizni hushyorlikka chaqiradi. Har bir kun samarali faoliyatimizni imtihondan oʻtkazadi. Har bir kunimiz uchun javobgarlik hissini, vaqtdan foydalana olish zaruratini talab qiladi. Islohotlar shiddati, uning koʻlami va natijasi ayni ana shu vaqt degan ulkan maʼnaviy talabning amaldagi koʻrinishidir.

Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturidayoq siyosiy konsepsiyasini, ulkan nazariy-fundamental qarashlarini real voqelik va amaliy faoliyat bilan bogʻliq holda bunday ifodalagan edi: “Yangi Oʻzbekiston bu – avvalo, inson qadri ulugʻlangan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan mamlakatdir.

Yangi Oʻzbekiston, bu – sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol insonlar yurtidir.

Yangi Oʻzbekiston, bu – global ishlab chiqarishning muhim va ajralmas boʻgʻiniga aylangan, kuchli iqtisodiyotga ega boʻlgan davlatdir.

Yangi Oʻzbekiston, bu – inson va biznes manfaatlari adolatli qonunlar asosida himoya qilinadigan jamiyatdir.

Yangi Oʻzbekiston, bu – mamlakat ichkarisida yoki xorijda boʻladimi, vatandoshlarimizni har qanday sharoitda ham himoya qila oladigan, chegaralari ishonchli qoʻriqlanadigan, xavfsiz va barqaror davlatdir”.

Bu ijtimoiy davlatning nazariy-fundamental talablariga ham, amaliy jihatdan jahon davlatchiligi andozalariga ham mos keladigan, har qanday sharoitda xalq manfaatlari, orzu-istaklari va hayotiy aqidalarini barqaror taʼminlaydigan davlatning qarashlaridir. Zotan, ijtimoiy davlat xalq milliy qadriyatlari, urf-odatlari, turmush tarzini himoya qiladigan va shu orqali yalpi jamiyatda va har bir insonda koʻngil xotirjamligini, qalb va ruh sokinligini, osoyishtaligini taʼminlaydigan sof insoniy davlatdir.

QALB UYGʻOQLIGI

Davlatimiz rahbarining yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini jadallashtirish maqsadlari asosida inson, uning taqdiri, qadriyatiy jihatlari va odam sifatidagi hayotiy ehtiyojlari turadi. U har bir odamning mavjudot sifatida toʻlaqonli yashash huquqiga egaligiga alohida eʼtibor beradi va “har qaysi insonning qalbida bir quyosh bor, faqat unga nur sochish imkonini berish kerak”, deydi.

Darhaqiqat, har bir odam alohida olam, u betakror va moʻjizakor. Har bir insonning intellektual salohiyati, aql-zakovat qudrati, isteʼdod va qobiliyat imkoniyatlari borki, ana shularni jonlantirish, faol harakatga keltirish, ularni ezgulikka xizmat qildirish jamiyat yalpi taraqqiyotining asosidir.

Qalb uygʻonishi insonni qadriyatga aylantiradigan, ezgu ideallar, buyuk maqsadlar bilan yashab, uni roʻyobga chiqarishga daʼvat etadigan hodisa. Insonning qalbi uygʻoq boʻlsa, u faol va bunyodkor boʻladi. Natijada hayoti farovon, bekamu koʻst, saodatli kechadi. Prezident nazarda tutgan “inson qalbidagi quyosh” ana shu qalb uygʻoqligining oʻzginasi.

Qalbdagi quyosh – bu mehr, harorat, hayotga muhabbat, ezgulik va muruvvat. Qalb quyoshi qanchalik alangalansa, gʻayrat, shijoat, ragʻbat shuncha kuchayadi. Bu millatning uygʻonishi, oʻzini anglashi bilan bogʻliq. Yangi Oʻzbekiston ana shunday uygʻonish faslini, tafakkurdagi evrilishni, saodatga erishish hodisasini boshdan kechirmoqda.

DUNYOGA SOʻZ AYTMOQ SURURI

Prezidentimizning strategik maqsadlari tub mohiyatida millat genofondini sogʻlomlashtirish orzusi yotadi. U Oʻzbekiston xalqini jismoniy sogʻlom va koʻrkam, aqliy jihatdan yuksak, intellektual imkoniyatlari yuqori boʻlgan kuchli, qudratli, har qanday sharoitda oʻzini himoya qila oladigan shaxs sifatida koʻrishni xohlaydi. Darhaqiqat, buyuk xalq daholik qudratini jonlantirish, ragʻbatlantirish va rivojlantirish ijtimoiy davlatning asosiy vazifalaridan biridir.

Uzoq yillik mustamlakachilik xalqimizdagi tashabbuskorlik hissini, ruhiyatini qorishtirib, uning ongiga tobelik, mutelik, befarqlik, loqaydlik kayfiyatini singdirib yuborgan edi. Xalqimiz hali-hamon bu bedavo illatlardan toʻla qutulganicha yoʻq. U surunkali va yuqumli kasallik singari avloddan avlodga, nasldan naslga oʻtib bormoqda. Bunday genetik inqiroz genotsidga olib boradigan ijtimoiy kasallikning oldini olishning yagona va birdan bir yoʻli insonparvar, ijtimoiy adolat tamoyillari toʻla kafolatlangan maʼrifatli jamiyat qurishdir.

Har qanday davlat kelajagini, millat istiqbolini yoshlar belgilaydi. Yoshlarga munosabat hamisha dolzarbligini yoʻqotmaydigan ulkan hodisa. Shuni nazarda tutib, davlatimiz rahbari “Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting!” deydi. Bu – yurt otasining farzandlariga otashin murojaati. Bu – davlat rahbarining xalq istiqboli bilan bogʻliq qatʼiy talab va mehr, yuksak orzu va ishonch mushtarak chaqirigʻi. Darhaqiqat, yoshlik fursati shiddatkor, yoshlik – inson umrining bahori. Umrning eng joʻshqin, qaynoq, shijoatli, tashabbuskor davri bu. Yuksak orzular, romantik xayolot Vatan va millat taqdiri bilan uygʻunlashib ketganda, u juda katta qudratga aylanadi. Prezident yoshlardan xuddi ana shuni kutyapti.

OʻZGARISH FORMULASI VA XALQONA FENOMEN

Prezidentimiz maʼruzasida yangicha tafakkur va yangi gʻoyalar haqida koʻp gapirdi. Uni davr taqozosi, zamon talabi darajasiga koʻtardi. “Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi. Mana shunday ulugʻ eʼtiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar boʻlib, uni yorugʻ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir”, dedi. Prezident shu gapi bilan ham davlat rahbari, ham oddiy fuqaro sifatida oʻz taqdirini xalq taqdiri bilan bogʻlab qoʻydi. Ana shu holatning oʻzida davlat bilan jamiyat, Prezident bilan fuqaro oʻrtasidagi toʻsiqni olib tashladi. Hamma bir-biri uchun javobgar, hamma bir-biri uchun masʼul, degan gʻoyani ilgari surdi.

Soʻz – qutlugʻ hodisa. Qaysi soʻz paydo boʻlibdiki, uning omili bor. Umuman, har bir soʻz boshqa bir soʻz taʼsirida paydo boʻladi. Aytmoqchi boʻlganimiz oʻzgarish formulasi haqida. “Oʻzini oʻzgartira olgan xalq” zamirida buyuk yuksalishlar mujassam ekanini bugun anglab yetish mushkul emas.

Bir qarashda hammasi oddiydek tuyuladi: islohotlar boshlandi, xalq irodasi va xohish-istaklari roʻyobi uchun keng yoʻl ochildi, odamlar hayoti oʻzgardi, natijada rejalar, maqsadlar va orzular ulgʻaydi. Ammo bu shunchaki boʻlib qolmadi yoki chetdan kelib birov qilib bermadi. Bu davlat rahbarining nihoyatda mashaqqatli yoʻldagi tinimsiz mehnatlari, toʻxtovsiz oʻylovlari va, albatta, ulugʻ eʼtiqod bilan yashayotgan xalqqa xizmat qilishni ulkan sharafga aylantira olgan yetakchilik xislati samarasidir.

Endi oʻylab koʻrsak, oʻzgarish formulasi ana shu xislatlar bilan boshlanib, aniq strategik maqsadlarga koʻra takomiliga yetgan ekan. Yaʼni fidoyilik, tashabbuskorlik, vijdon va qalb uygʻoqligi, xalqparvarlik, maqsadga erishish yoʻlida ortga qaytmaslik. Bularning bari hayotimiz farovon va obod boʻlishini taʼminlab berganiga xalqimiz keyingi yillarda ishondi.

Tantanali marosimda yana bir xulosaga keldim: Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari va siyosiy yetakchi sifatidagi xalqona fenomeni har bir fuqaro qalbiga kirib borishning eng toʻgʻri va samarali yechimidir. Prezident chin maʼnoda xalq vakili. Xalq nomidan gapiradigan, xalq dardu tashvishlariga sherik boʻladigan, uning quvonchidan shodlanadigan serqirra va ulkan qalb egasi. Agar davlat rahbarida qalb ishga tushmas ekan, xalq ishonchiga sazovor boʻla olmaydi. Buni men ushbu anjumanda oʻtirib yana bir bor kashf etdim.

Yana bir jihatdan qalbim gʻururga toʻldi. Shavkat Mirziyoyev har lahzada xalq manfaati, davlat shaʼni, uning xalqaro obroʻ-eʼtibori uchun hamma narsaga tayyor siyosiy yetakchi. Davlat rahbarining Prezident sifatida shaxsiy hayoti yoʻq. Umrini eliga, yurtiga, uning ravnaqiga butunlay bagʻishlagan fidoyi zot. Darhaqiqat, Prezident konstitutsiyaviy maqomiga koʻra, butun mohiyati bilan davlat va saltanat ramzi. U davlatning ichki va tashqi siyosatini jahon hamjamiyatida namoyon qiladigan, umumplanetar masalalarni hal qilishda xalq nomidan ishtirok etadigan, oʻz xalqi manfaatlarini xalqaro minbarlarda himoya qiladigan qudratli va moʻtabar lavozim.

Darhaqiqat, davlatning butun mahobati, oʻtmishiyu istiqboli yaxlitligicha, butun salobati bilan Prezident qiyofasida namoyon boʻladi. Har bir fuqaro oʻz davlatining gerbi, bayrogʻi, madhiyasi bilan qanchalik faxrlansa, Prezidenti bilan ham shunchalik gʻururlanadi. Oʻzining butun borligʻini Prezident timsolida koʻradi. Ana shunda uning davlat va jamiyat taqdiriga daxldorlik tuygʻusi, fuqarolik majburiyati, masʼuliyati namoyon boʻladi.

Davlat ramzlari tegishli davlat fuqarolarining orzu-oʻylarini, maqsadlarini, istaklari va manfaatlarini oʻzida qanchalik mujassam etgan boʻlsa, Prezident ham xuddi ana shu qadriyatlarni oʻzida ifodalaydi va millat qiyofasiga aylanadi.

Prezident — millat ramzi. U xalq irodasini, buyuk maqsad va intilishlarini oʻzida ifoda etadi. Prezidentning ismi-sharifi bir shaxs maqomidan chiqib ketib, millat, davlat maqomini olgan, uni oʻzida ifoda etgan qadriyat. Demak, har bir fuqaro Prezident timsolida oʻzini koʻradi. Ana shu nuqtayi nazardan, har bir fuqaro “Prezident — mening shaʼnim. Prezident — mening mavjudligim, borligʻim va qadru qimmatim”, degan xulosaga keladi. U oʻz kelajagini, baxtli-saodatli istiqbolini, tinch va farovon hayotini Prezident timsolida koʻradi. Aslida ham shunday. Millatning siyosiy, gʻoyaviy va maʼnaviy qiyofasi Prezident faoliyati va nomi bilan uygʻunlashib ketgan boʻladi.

Yana bir gap. Biz yuqorida aql gʻoyasi haqida aytgan edik. Buning asl mohiyati va ulugʻvorligini yangi Oʻzbekiston sharoitida koʻrib turibmiz. Bunda aql gʻoyasi insonlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirib, oʻzgarayotgan dunyoda xavfsizlik va daxlsizlikni taʼminlash, Alloh inʼom etgan hayotda har bir inson uchun munosib yashash sharoitini yaratish, kelajak avlodlarimiz uchun ham har tomonlama munosib zamin qoldirishga xizmat qilayotganiga barchamiz guvohmiz.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonda yangicha tafakkur, zamonaviy sivilizatsiya talablari asosida yangilanayotgan maqsadlar mushtarakligi saylovlar samarasini belgilaydi. Biz esa ana shunday ulkan, sharafli va gʻoyat masʼuliyatli sinov oldida turibmiz. Ezgu maqsadlarimiz, pokiza niyatlarimiz ana shu sinovlarni gʻoyat natijador, gʻoyat farahli boʻlishiga asos boʻlajak.

Oqil SALIMOV,

akademik.