Taʼkidlanganidek, bugungi kunda siyosiy partiyalar fuqarolarning ustuvor huquqlarini amalga oshirish, xususan, davlat boshqaruvida faol va bevosita ishtirokini taʼminlashda muhim demokratik institut vazifasini bajarmoqda. Mamlakatimizda oʻz dasturi va ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarishi uchun siyosiy partiyalarga qonunchilikka muvofiq teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berilgan.

Keyingi yillarda barcha siyosiy partiyalar oʻz ish faoliyatini qayta koʻrib chiqib, yanada takomillashdi. Xususan, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilarli darajada oshdi, ularning joylarda aholini oʻylantirib kelayotgan muammolarni oʻrganish va hal etish borasidagi ishlari faollashdi, elektorat bilan ishlash tubdan oʻzgardi.

“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari soniga qarab oʻz ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish mablagʻlarini olish huquqiga ega.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz hayotida siyosiy partiyalarning roli tobora kuchaytirilishi ular faoliyatida moliyaviy intizomni yanada mustahkamlashga eʼtibor qaratishni talab qiladi. Bu esa, siyosiy partiyalar tasarrufiga Davlat byudjetidan kelib tushadigan mablagʻlar xarajatlarini toʻgʻri rejalashtirish, maqsadli sarflashni taqozo etadi.

Shuningdek, siyosiy partiyalarning tashkiliy-kadrlar, moddiy-moliyaviy hamda boshqa resurslari ularning dasturiy maqsadlari va vazifalarini amalda roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun ushbu mablagʻlarni sarflash va ularga doir hisobotlar shaffof hamda ochiq boʻlishi lozim.

Majlisda taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonning barcha siyosiy partiyalarida nazorat-taftish komissiyalari ishlab turibdi, ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari, shu jumladan ularning funksiyalari, vazifalari hamda huquq va majburiyatlari aniq belgilangan.

Deputatlar eshituv davomida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning 2021-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini maʼlumot uchun qabul qildilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.