Odil Tojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari:
— Yangi tahrirdagi kodeksda, avval boʻlmagan, yaʼni ish bilan taʼminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona maʼlumot bazasida roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmlari ochib berilgan.
Shuningdek, moslashtirilgan ish vaqti rejimi belgilangani kuchga kiradigan kodeksning muhim jihatlaridan. Bu maʼlum bir xodimlar yoki tashkilotning tarkibiy boʻlinmalaridagi xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishi, tugashi va umumiy ish kuni muddatini xodimning oʻziga tartibga solishga ruxsat etgan holda ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi. Smenali ish, moslashuvchan ish vaqti, ish kunini qismlarga boʻlish, ish safari paytidagi ish vaqtlari va boshqalar hisobga olinadigan boʻldi.
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka oid alohida boʻlimda mazkur munosabatlarning huquqiy asosi ochib berilgan. Ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi mehnat va u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan tizimni nazarda tutadi.