Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ga sobiq mahkum V.M. uy-joy bilan taʼminlanishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Murojaat nazoratga olinib, shu yilning 4-aprel kuni manzilga borib oʻrganildi. Jarayonda Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimligi vakillari ham ishtirok etdi.
Aniqlanishicha, sobiq mahkum V.M. 2019-yili may oyida jazo muddatini oʻtab ozodlikka chiqqan. Tuman hokimligining ijtimoiy moslashtirish boʻlimi tomonidan vaqtincha foydalanish uchun unga uy berilgan. Uy-joy 6 oy muddatga berilgan boʻlishiga qaramay, shu kungacha fuqaroning iltimosiga binoan, bir necha marotaba foydalanish uzaytirilgan.
Oʻrganish davomida murojaatchi istiqomat qilib kelayotgan uy buzilishga tushgani ham aniqlangan. Fuqaroning murojaatida koʻrsatgan manzilga borilganda u yashab kelayotgan uy avariya holatida ekani maʼlum boʻldi.
Natijada Toshkent shahri hokimi nomiga fuqaro V.M.ga davlat uy-joy fondidagi turar joylardan birini taqdim etish boʻyicha soʻrov xati yuborildi. Ombudsmanga taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, hozir murojaatchiga vaqtincha foydalanish uchun bir yil muddatga boshqa turar joy ajratilgan, deyiladi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning axborot xizmati xabarida.