Oʻta tor jinsi shimlar

Ayollarning eng sevimli kiyimi, albatta, tor jinsi shimlardir. Kimdir uni semirib ketmaslik uchun kiysa, yana kimdir qulayligi uchun kiyadi. Bugunda har qanday garderobdan topish mumkin boʻlgan tor jinsi shimlar sogʻliq uchun biroz xavf tugʻdirishi haqida ham oʻylab koʻrish lozim. Badanga yopishib turuvchi jinsi shimlar tanada qon aylanishiga xalaqit beradi va natijada qon-tomir kasalliklari yuzaga keladi.

Baland poshnali tuflilar

Churra, barmoqlar qiyshayishi, bel va oyoqdagi ogʻriqlar qayerdan paydo boʻlishi mumkin? Albatta, bu doimiy ravishda oʻta baland poshna tufli kiyish natijasidir. Shuningdek, baland poshnada kuni bilan harakatlanish vaqt oʻtib, oyoqda tomirlarning boʻrtib chiqishiga ham sabab boʻladi.

Shippaklar

Aynan shunday koʻrinishdagi shippaklar tufayli oyoq va barmoqlar zoʻriqadi. Barmoqlar doimiy harakatda boʻlib, shippaklarning chiqib ketmasligi uchun muskullarni taranglashtiradi. Bu esa boldir va toʻpiqlarda ogʻriqlarni paydo qiladi. Shuning uchun uzoq vaqt kiyish tavsiya etilmagan bu kabi shippaklarni plyaj yoki dam olish maskanlarda kiygan maʼqul.

Sifatsiz zargarlik buyumlari

Sifatsiz hamda arzon zargarlik buyumlari qisqa vaqt ichida oʻz koʻrinishini yoʻqotibgina qolmay, balki uning egasiga ham bir qancha zarar yetkazadi. Masalan, terida allergiya, tirnash, qizarish kabi holatlarga sabab boʻladi. Shuning uchun salomatlikni ortiqcha xatarga qoʻymay, iloji boricha sifatsiz buyumlardan cheklanishga harakat qilish lozim.

Kichik oʻlchamdagi poyabzal

Chiroyli ammo oʻlchami kichikroq boʻlgan poyabzallarni kiyadiganlar uchun qatʼiy ogohlantiruv! Bu orqali tashqi koʻrinishni goʻzallashtirish mumkindir, ammo barmoq suyaklari va oyoqqa batamom zarba beriladi. Poyabzal ichida siqilib qolgan oyoqda qon aylanishi sekinlashadi, suyaklar qiyshayishga moyillashadi va natijada bir qancha muammolar kelib chiqadi.

Yassi oyoq kiyim

Yassi oyoq kiyimlar qancha yengil va qulay boʻlmasin, zararli xususiyatlarga ham ega. Ushbu poyabzal orqali bel va oyoqda ogʻriq kuzatiladi. Shuningdek, qomatni tik tutishning darajasi kamayadi hamda oyoqning tag qismi ham yassilanadi.

 

manba: daryo.uz