A.Xadjibayev delegatsiya aʼzolarini yurtimizga tashrif buyurgani bilan qutlar ekan, COVID-19 pandemiyasi paytida mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan oʻtganligini taʼkidladi. Ushbu davr mobaynida ikki davlatning tibbiyot sohasidagi mutaxassislari ishtirokida jami 200 dan ortiq videokonferensiyalar, onlayn konsultatsiyalar, masofaviy seminarlar, veb-seminarlar va treninglar oʻtkazildi.
Shuningdek, Rossiya tibbiyot mutaxassislarining mamlakatimizga bir necha bor tashriflari uyushtirildi. Chet ellik mutaxassislar oʻzlarining tashrifi davomida karantin choralarini yumshatish boʻyicha tavsiyalar berishdi, COVID-19 bilan kasallanganlarni davolash protokollariga takliflar va mulohazalar bildirishdi, karantin zonalari va bemorlarni davolash uchun moʻljallangan shifoxonalarda boʻlishdi, shuningdek, yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kurashishga jalb qilingan xodimlar uchun onlayn konsultatsiyalar oʻtkazishdi.
Bugungi kunda butun dunyoda, shuningdek, Oʻzbekiston va Rossiyada ham aholi COVID-19 ga qarshi emlanmoqda. “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi shu yilning aprel oyi oxirida mamlakatimizga yetkazib berildi.
Muloqot davomida aytilganidek, Rossiyada malakali professor-oʻqituvchilar mehnati, oʻquv dasturlarining turli tumanligi va iqtidorli talabalar uchun stipendiya dasturlari mavjudligi tufayli tibbiy taʼlim sifati dunyoda yuqori koʻrsatkichlardan birini egallaydi. Shu sababli, Rossiya bilan barcha sohalar singari sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish alohida ahamiyatga ega.
2019/2020 oʻquv yilida yurtimizning 9 ta tibbiyot oliy oʻquv yurtlari Rossiya Federatsiyasining 12 ta tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bilan birgalikda qoʻshma taʼlim dasturlariga muvofiq bakalavriatning 6 ta yoʻnalishi, magistraturaning 2 ta mutaxassisligi va klinik ordinaturaning 11 ta mutaxassisligi boʻyicha oʻqitishni boshladi. Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan universitetlararo hamkorlik markazi ochildi.
Yurtimizda 2019-2020-yillarda 150 dan ortiq rossiyalik mutaxassislar ishtirokida 36 konferensiya, 19 vebinar, 7 kongress tashkil qilindi.
Faqatgina 2020-yilda Rossiya Federatsiyasining yetakchi tibbiyot va taʼlim muassasalaridan 80 ga yaqin mutaxassislar yuqori texnologiyali tibbiyot sohasida mahorat darslarini oʻtkazish va namoyish etish uchun mamlakatimizga taklif qilindi. 2019-2020-yillar davomida Rossiya Federatsiyasining yetakchi klinikalari va tibbiyot markazlari hamda oʻquv muassasalarida 300 ga yaqin mutaxassislarimiz malakasini oshirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar tibbiy taʼlim, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, onkogematologiya, jumladan, bolalar onkogemotologiyasi xizmati rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, jamoat salomatligi kabi qator yoʻnalishlarda hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Tibbiy taʼlim, fan va amaliyotni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filialini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida yurtimiz Sogʻliqni saqlash vazirligi va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Bu esa Oʻzbekistonda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Delegatsiya safari davom etmoqda.