Oqibatda yurak-qon tomir tizimi xastaliklari va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar soni yildan yilga ortib boryapti.
Quyida sogʻlom turmush tarzining 6 ta eng oddiy va samarali qoidalari haqida toʻxtalib oʻtamiz.
1. Jismoniy faol boʻlish.
Jismoniy mashqlar sogʻlom turmush tarzining asosi. Shu sababli inson oʻzining yoshi, jismoniy holatiga koʻra, piyoda yurish, yugurish, velosiped haydash va hokazolardan biri bilan doimiy shugʻullanishi lozim. Ularga har kuni kamida 30 daqiqa sarflash tavsiya etiladi.
2. Ratsional ovqatlanish.
Salomatlik koʻp jihatdan toʻgʻri ovqatlanishga bogʻliq. Shu bois vitaminlarga boy taomlar isteʼmol qilish lozim. Meva-sabzavotlar kunlik ratsionning 60 foizgacha qismini tashkil etishi kerak. Toʻyingan yogʻ va shakar semizlikka sabab boʻladi.
3. Dam olish va uxlash.
Samarali mehnat bilan birga, oqilona dam olish salomatlik uchun juda muhim. Inson oʻzini jismoniy va ruhiy jihatdan ortiqcha zoʻriqtirmasligi zarur. Soat 23:00 dan kechikmay uxlash, bir sutkada kamida 7-8 soat dam olish kerak. Doimiy uyqusizlik sogʻlik uchun xavf tugʻdiradi.
4. Toza suv ichish.
Maʼlumki, tanamizning taxminan 2/3 qismi suyuqlikdan iborat. Barcha hujayra va toʻqimalar, qon, limfa va boshqalarning asosini suv tashkil etadi. Tana esa kuniga taxminan 2,4 litr suv yoʻqotadi. Shuning bois uning normal ishlashi uchun kun davomida kamida 1,5-2 litr suv ichish lozim.
5. Stressni boshqarish.
Bu — sogʻlom turmush tarzining muhim qismi. Stressni boshqara olmaslik jiddiy kasalliklarga olib keladi. Eng yomoni, bu holat eʼtiborsiz qoldirilsa, kashandalik va spirtli ichimliklarga qaramlikka sabab boʻlishi mumkin.
6. Yomon odatlardan voz kechish (chekish, alkogolizm).
Yomon odatlardan xalos boʻlish salomatlikning yana bir oltin qoidasi. Har bir chekilmagan sigareta sogʻlom hayot sari tashlagan muhim qadam.
Eng asosiysi, yuqoridagi qoidalarni alohida-alohida emas, balki kompleks tarzda amalga oshirish kasalliklarning oldini olish hamda salomatlikni mustahkamlashga yordam beradi.