Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini takomillashtirish, jahon talablari darajasiga koʻtarish va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Xususan, shu yil 18-martda Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimining keyingi bosqichdagi rivojlanish strategiyasini belgilab berdi. “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotda ixtisoslashgan tibbiy xizmatning aholiga yaqinlashtirilgani, mahalliy dori-darmon ishlab chiqarishda erishgan yutuqlarimiz, ishga tushirilgan korxonalar, tibbiy taʼlim boʻyicha qilingan islohotlar bilan birga mavjud kamchiliklarimiz ham roʻy-rost aytildi.

Muloqotda yettita yoʻnalish boʻyicha kelgusi besh yillikka moʻljallangan muhim topshiriqlar berildi. Ana shu islohotlarning davomi oʻlaroq, kuni kecha davlatimiz rahbarining “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarga tibbiy­-ijtimoiy yordam koʻrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.

Spinal mushak atrofiyasi (SMA) — onaning homiladorlik vaqtida bolada vujudga keluvchi eng koʻp uchraydigan irsiy kasallik boʻlib, oʻz vaqtida (6 oy ichida) muolaja oʻtkazilmasa, 2 yoshgacha bolalarda kasallik oqibati 50 foiz holatda oʻlim bilan yakunlanadi.

Xalqaro statistik maʼlumotlarga koʻra, mazkur kasallik yangi tugʻilgan har 6­10 ming chaqaloqda bir holatda uchrab, ularning 50 foizi 2 yoshga yetmay nafas yetishmovchiligi sabab vafot etadi.

Yurtimizda 77 nafar bolada ushbu kasallik tahlili namunalari tasdiqlangan. Ularning 24 foizi qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh oqibatida, 40 foizi ikki va undan koʻp spinal mushak atrofiyasi bilan tugʻilgan bolali oilalarda va 36 foizi ota ham, ona ham ushbu gen tashuvchisi boʻlgan oilalarda tugʻilgan.

Bugun SMA bilan kasallangan bemorlarga tibbiy­ijtimoiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha bir qator dolzarb masalalar oʻz yechimini kutmoqda. Masalan, shu paytgacha yurtimizda SMA bilan kasallangan bemorlar uchun (mablagʻ belgilanmagani tufayli) diagnostika va davolash standartlari, klinik protokollar ishlab chiqilmagan, bu xastalik boʻyicha yagona registr hamda oilasida SMA kasalligi bilan tugʻilishi mumkin boʻlgan shaxslarning (er­xotin) xavf guruhi (ommaviy tekshiruv uchun genetik laboratoriyalar mavjud emasligi sababli) shakllantirilmagan. Klinik tashxisni tasdiqlash va davolash strategiyasini aniqlashning “oltin standarti” hisoblangan SMA genini aniqlash imkonini beruvchi molekulyar genetik tekshiruv faqatgina xususiy laboratoriyalarda pullik asosda oʻtkazib kelingan. Bitta tahlilning oʻrtacha qiymati 3,5 million soʻm. Laboratoriyalar esa SMA bilan kasallangan bolalarda gen terapiyasini oʻtkazish uchun yetarli darajada, deb boʻlmaydi. Shuningdek, murakkab genetik tekshiruvlar uchun mamlakatimiz hududidan qon namunasini olib chiqish maqsadida maxsus ruxsatnoma berish tartibi mavjud emas. SMA bilan kasallangan bemorlar uchun zarur dori, reabilitatsiya va maxsus ozuqa vositalari davlat byudjeti hisobidan xarid qilinmasligi hamda bemorlarda faqatgina simptomatik muolaja oʻtkazilishi sababli kasallik ogʻir kechib, erta oʻlim bilan yakunlanmoqda.

Prezidentimizning “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarga tibbiy­ijtimoiy yordam koʻrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora­-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu kabi muammolar oʻz yechimini topmoqda. Jumladan, spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalar davlat tomonidan patogenetik dorilar, ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanadi. Xavf guruhidagi homilador ayollar Ona va bola skrining markazlarida va Milliy referens laboratoriyalarida bepul diagnostikadan oʻtkaziladi hamda ularni davolash strategiyasi belgilanadi. 2022-yil 1-iyuldan boshlab nikohlanuvchilar oʻz hisobidan Aholi reproduktiv salomatlik markazining filiallari orqali molekulyar­genetik testdan oʻtadi.

Respublika Ona va bola skrining markazi hamda uning hududiy boʻlimlarida spinal mushak atrofiyasi diagnoziga ega boʻlgan oilalarning elektron Yagona milliy registri yuritiladi.

2022-yil 1-maydan boshlab spinal mushak atrofiyasi kasalligi boʻlgan bemor bolalar reabilitatsiyasi uchun U.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy­asab kasalliklari shifoxonasida 10 ta statsionar oʻrin tashkil etilmoqda. Hududlardagi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida multidissiplinar (nevrolog, pediatr, reanimatolog, pulmonolog, ortoped, xirurg) tekshiruv hamda davolash (operativ kontrakturalar va suyak deformatsiyalarini toʻgʻrilash) jarayoni yoʻlga qoʻyiladi.

Tibbiy­-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan 2022-yil 1-iyundan boshlab uy sharoitida davolanayotgan bemor bolalarga zarur boʻlgan texnik (15 turdagi) vositalar bepul ijaraga beriladi.

Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarni davolash uchun hamda xayriya va homiylik mablagʻlarini jalb qilish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarni qoʻllab­-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinishi mablagʻ masalasida qiynalayotgan xastalarning yaqinlari uchun chinakam koʻmak boʻldi. Qilinayotgan barcha ishlar zamirida xalq salomatligi va sogʻlom millat genofondini saqlash, aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadi mujassam.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi tub islohotlar doirasida, ayniqsa, onalar, goʻdaklar oʻlimi, nogironlikni imkon qadar kamaytirish borasida samarali chora­-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida kuni kecha davlatimiz rahbarining yana bir muhim qarori eʼlon qilindi.

Prezidentimizning “2022­-2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarorida 2022-­2026-yillarda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlari belgilanib, Nukus shahrida “Bolalar tibbiyot klas teri” tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Klaster tarkibiga Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi (binosi 2023-yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi), Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasi va Bolalar stomatologiya poliklinikasi kiritiladi. Perinatal markazlarning oddiy tugʻuruq kompleksidan farqi shundaki, chaqaloqlarga ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatiladi. Ayniqsa, neonatal reanimatsiya xizmati mavjudligi ayrim chaqaloqlarda kuzatiladigan ogʻir asoratlar, nogironlik va erta oʻlim holatini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman (shahar)larda bolalar poliklinikasi mavjud emasligi sababli bemor bolalar ambulator tizimni chetlab, toʻgʻridan­-toʻgʻri viloyat hamda respublika shifoxonalariga murojaat qilar edi. Jumladan, Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga 2020-yilda 186 710 ta murojaat boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda 276 464 tani tashkil etgan. Namangan viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga 2020-yilda 68 548 fuqaro murojaat qilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 87 417 taga yetgan. Shuningdek, Toshkent shahar 1­klinik shifoxonasiga 2020-yilda 19 084 ta murojaat boʻlgan, 2021-yilda esa bu raqam 25 344 tani tashkil etgan. Xuddi shunday raqamlar ortganini Toshkent va Buxoro viloyatlarida ham kuzatish mumkin.

Shuningdek, mavjud bolalar shifoxonalari respirator va boshqa yuqumli kasalliklar avj olgan davrlarda 100 foizgacha qoʻshimcha bosim bilan ishlamoqda. Ayniqsa, mavsumiy nafas yoʻllari kasalliklari koʻpaygan vaqtlarda tegishli koyka­oʻrinlar yetishmasligi oqibatida bemor bolalar sanitariya talablariga zid ravishda yordamchi xonalarga joylashtirilar edi. Bu esa, oʻz navbatida, bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatining pasayishiga hamda aholi eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan edi.

2022-yil 1-maydan boshlab tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida amaldagi shtatlar doirasida bolalar boʻlimi tashkil etiladi. Boʻlim tarkibida pediatriya yoʻnalishidagi barcha mutaxassislar faoliyat yuritadi.

Bugungi kunga qadar bolalar anesteziologiya­reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimlari hamda bemor bolalar uchun tunu kun shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi navbatchi shifokor postlari tashkil etilmagani tibbiyot xodimlarining bolalarga koʻrsatayotgan reanimatsion va shoshilinch tibbiy yordam yoʻnalishidagi faoliyatiga xalal berib kelayotgan edi. Qaror bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amaldagi shtatlar doirasida bolalar anesteziologiya­reanimatsiya boʻlimlari hamda tunu kun shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi pediatriya postlari tashkil etilishi muammoning yechimiga xizmat qiladi.

Bolalar kasalliklarini tashxislash jarayonida hududlardagi laborator tekshiruvlarning haqqoniyligi va aniqligi ustidan tashqi sifat nazorati oʻrnatilmagan, shuningdek, tekshiruvlar xalqaro standartlarga mos kelmasdi. Boz ustiga bolalar oʻrtasida nogironlikka olib keluvchi kasalliklar, shu jumladan, irsiy­genetik orfan kasalliklarni erta aniqlashda maxsus genetik tekshiruvlarni oʻtkazish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Endi bu muammo ham barham topadi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy­amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy­genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarni erta tashxislash boʻyicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyasi tashkil etiladi.

Olis hududlardan asoratlangan homiladorlar va chaqaloqlarni statsionarga olib kelish borasidagi muammolar juda koʻp yillardan beri oʻz yechimini topmay kelayotgan edi. Endi Respublika perinatal markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar perinatal markazlari va bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsiya brigadalari tashkil etiladi.

2020-­2021-yillar davomida Toshkent shahridagi barcha tugʻuruq komplekslarida “Zamin” fondi tashabbusi bilan chaqaloqlarda audioskrining tadbirlari oʻtkazildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirilgan ushbu loyiha ijobiy natija berdi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning eshitishdagi nuqsonlarni erta aniqlash, bu kasallik mavjud boʻlgan bolalarda davolash jarayonini erta boshlash orqali ularning toʻliq sogʻayishiga erishish borasida xulosalar qilindi.

Bu tajriba butun mamlakatimiz boʻylab tatbiq etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari hamda hududlardagi barcha tugʻuruq kompleksida yangi tugʻilgan chaqaloqlardagi eshitish nuqsonini erta aniqlashga qaratilgan audioskrining tadbirlari oʻtkaziladi. Ushbu saʼy­harakatlar natijalarini tahlil kilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida elektron kuzatuv (treking) markazlari tashkil etiladi.

Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan bolalar, homilador va tugʻish yoshidagi ayollarni sifatli tibbiy xizmat bilan toʻliq qamrab olish uchun bu yil 1-iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qoʻshimcha 3 600, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab 4 900 nafar oʻrta tibbiyot xodimi (pediatriya hamshirasi va doya) oʻrni — jami 8 500 ta shtat ajratiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida mutlaqo yangi tizim yaratiladi va rahbarlarning masʼuliyati oshiriladi. Ikki hafta muddatda vazir oʻrinbosari rahbarligida Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari boʻyicha respublika shtabi, 14 ta hududiy shtab faoliyati yoʻlga qoʻyilishi nazarda tutilmoqda.

Shtablar koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatni tizimli oʻrganish, kamchiliklarni bartaraf qilish, belgilangan tadbirlar ijrosini taʼminlash bilan shugʻullanadi. Shtab aʼzolari hududlarga biriktiriladi va ularning asosiy vazifasi hududni oʻrganish, kamchiliklarni aniqlash va chora­tadbir belgilash bilan cheklanmaydi. Tizimli tahlil va kamchiliklarni joyida bartaraf qiladi, kerak boʻlsa, oilaviy shifokorlik punkti tibbiyot xodimlariga tushuntirish beradi va tizimli nazorat bilan shugʻullanadi.

Tugʻish yoshidagi ayollar orasida istalmagan homiladorlikning oldini olish choralari, erta va katta yoshdagi ayollar orasida tugʻuruq, intergenital oraliqqa rioya qilish, ayniqsa, farzand koʻrishga mutlaq moneligi boʻlgan ayollarning homiladorligiga yoʻl qoʻyish holatlari qatʼiy nazoratga olinadi. Homilador ayolning kompleks kuzatuvini amalga oshiruvchi “Ona va bola klasteri xonasi” faoliyatini samarali va tizimli tashkil qilish maqsadida kompleks kuzatuvning yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish va ayollar orasida keng koʻlamli birlamchi tekshirishlarni oʻtkazadigan “Onkonazorat” (Cancer­nazorat) xonalarining maxsus axborot boshqaruvi tizimi muntazam monitoring qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar hamda chora­tadbirlarning bajarilishini doimiy nazorat qilib boradi.

Respublika gematologiya hamda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazlari hududida ilik koʻchirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish maqsadida 2022-yilda yangi maxsus amaliyot kompleks binosini qurish va jihozlash uchun Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasidan zarur mablagʻ ajratiladi.

Bu yil 1-maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota­ona va boshqalar) uchun ovqatlanish bepul qilinadi. Bu ham bemor farzandini davolataman, deb iqtisodiy tang ahvolga tushgan yurtdoshlarimiz uchun oʻziga xos koʻmak boʻladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya markazi va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlaridagi filiallari, shuningdek, hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining maslahat­tashxislash poliklinikalari tibbiy texnika bilan qoʻshimcha jihozlanadi. Shuningdek, 46 ta tumanlararo perinatal markazning infratuzilmasi yaxshilanadi. Ularning elektr, suv taʼminoti, kanalizatsiya va isitish tizimini yaxshilash uchun 16,7 milliard soʻm ajratiladi.

Aholi salomatligiga eʼtibor deganda koʻz oldimizga, avvalo, onalar va goʻdaklar keladi. Tabiatan ular himoya va koʻmakka muhtoj boʻladi. Shu bois, endi onalar va goʻdaklar oʻlimi favqulodda holat sifatida baholanadi. Sodir boʻlgan har bir holat xaqidagi maʼlumot bir sutka davomida Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etilishi va masʼul akusher­ginekolog professorning uch kun ichida tezkor axboroti va bir haftada toʻliq tahlili taqdim qilinishi shart.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 227 ta tugʻuruq muassasasi tibbiy jihoz hamda zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan yetarli darajada taʼminlanmagani, mavjudlari maʼnan eskirgani sababli oxirgi 10 yilda onalar va goʻdaklar oʻlimining intensiv koʻrsatkichi deyarli oʻzgarishsiz qolmoqda. Bundan tashqari, tahlillarga koʻra, hozir 47 ta tugʻuruq kompleksi hamda ularning chekka qishloqlardagi 9 ta filiali, 39 ta bolalar tibbiyot muassasasi taʼmirtalab holatda.

Shuningdek, yiliga 72 900 nafar homiladorlik asorati bilan va 84 700 nafar ekstragenetal kasalligi bor ayolga yordam koʻrsatilishi rejalashtirilgan 46 ta tumanlararo perinatal markazni xalqaro talablarga javob beradigan binolarga joylashtirish zarur.

Qarorga binoan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2022­-2025-yillarda 227 ta tugʻuruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazni toʻliq taʼmirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million dollarlik grant va kredit mablagʻlarini jalb qiladi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 2022­2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha chora­tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda.

Bugun mamlakatimiz tibbiyotini rivojlantirish, xususan, onalik va bolalikni himoya qilish borasida ilgari kuzatilmagan saʼy­harakatlarga guvoh boʻlyapmiz. Buning uchun mablagʻ ham, kuch ham, umuman, zarur boʻlgan barcha vosita va saʼy­harakatlar ishga solinmoqda. Yurtimiz vaqti kelib, aholisining oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi yuqori, onalar va bolalar oʻlimi soni past davlatlar qatoridan mustahkam oʻrin egallasa, mana shu natijalarga bugungi islohotlar poydevor boʻlganini faxr va minnatdorlik bilan eslaymiz...