Koʻpchilik oʻzining salomatlikka umidini aynan tibbiy omil bilan bogʻlaydi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tahliliga koʻra, inson salomatligiga taʼsir etuvchi omillar orasida tibbiy taʼminot atigi oʻn foizni tashkil etadi. Shubhasiz, uzoq va salomat yashashning asosiy sharti tibbiy madaniyat hamda sogʻlom turmush tarziga rioya etishdir. Shu bilan birga, organizmning zaxira imkoniyatlarini oʻrganish, oʻz salomatligiga malakali munosabatda boʻlishning bu borada ahamiyati beqiyos.
Oʻzbekiston valeologlar uyushmasi aʼzosi, shifokor Nigora JUMAYEVA shu xususda mulohaza yuritdi:
Oqilona ovqatlanish sogʻliqni mustahkamlaydi, immunitetni oshirib, yuqori aqliy va jismoniy mehnat qobiliyatini hamda faol umr koʻrishni taʼminlaydi.
Ratsional ovqatlanish balanslashgan, adekvat va optimal boʻlishi kerak. Bunda isteʼmol qilingan ovqat va sarflangan energiya oʻrtasidagi balans buzilsa inson semirib ketishi yoki kuchsiz, kamquvvat boʻlib qolishi mumkin.
Sogʻlom ovqatlanish kuniga 5 mahalni tashkil qilishi, kechki taom uxlashdan kamida 1,5 - 2 soat oldin tanovvul qilinishi kerak. Ovqatlanish oraligʻi 3 – 4 soatdan oshmasligi, har kuni bir vaqtda tartibli ovqatlanish maqsadga muvofiq.
Inson organizmining meʼyoriy hayot faoliyati uchun oqsil, yogʻ va uglevodlarning, vitamin va minerallarning maʼlum miqdoriga nisbati boʻlishi lozim. Suyuqlik miqdori 2 litr, osh tuzi kun davomida 5 – 6 g dan oshmasligi zarur.
Keksa va qariyalarning ovqatlanishi ularning yoshiga munosib ravishda, organizmning moddalarga boʻlgan ehtiyojini qoplashi va erta qarishning oldini olishga yoʻnaltirilishi, yengil hazm boʻladigan goʻsht, baliq, tuxum, koʻproq oʻsimlik yogʻlari, sabzavot va koʻkatlar, sut, tvorog, pishloq, qora non, donli mahsulotlarni tashkil etishi maqsadga muvofiq. Oq non, sariyogʻ, tuxum, shprot, qahva, kakao, hayvon yogʻlari, qandolat mahsulotlari chegaralanadi. Ovqatlanishda mevalar bir kunda 2 mahal, sabzavotlarni 5 mahal ham qabul qilish mumkin. Bular organizmda kletchatkalar vazifasini ham bajaradi. Kletchatkalar oshqozon-ichak va yurak qon-tomir tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Karam, sabzi, noʻxat, loviya, yashil noʻxat, anjir kletchatkaga boy sabzavotlar sirasiga kiradi.
Bolalar ovqatlanishida kletchatka va vitaminlar — organizmning oʻsishi va rivojlanishi hamda faoliyati uchun muhim hisoblanadi.
Mineral moddalar inson organizmida koʻplab fiziologik jarayonlarning meʼyorda kechishida, suyaklar va toʻqimalar tuzilishida muhim ahamiyatga ega. 16 ta mineral elementlar, xususan, kalsiy, kaliy, magniy, natriy, fosfor, oltingugurt, organizm uchun koʻp miqdorda zarur hisoblanadi. 76 ta mikroelementning organizm hayot faoliyati uchun roli katta. Temir — qon tarkibi uchun, ruh — oshqozon osti bezi, yod — qalqonsimon bez faoliyati, mis — jigar, nikel — oshqozon osti bezi, litiy — oʻpka, stronsiy — suyaklar, xrom va marganes — gipofiz faoliyati uchun juda zarur.
Yurak qon-tomir kasalliklarining oldini olish uchun sogʻlom ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun donli mahsulotlar va meva-sabzavotlarni, koʻkatlarni yetarli darajada isteʼmol qilib, hayvon yogʻlari, uglevodlar, yuqori kaloriyali ovqatlarni kamaytirish tavsiya etiladi. Agar oziq — ovqat mahsulotlari tez–tez va kam isteʼmol qilinsa qonda qand va xolesterin miqdori kamayishini taʼminlaydi.
Har qanday mavsumda shu yerning oʻzida yetishtirilgan meva va sabzavotlarni isteʼmol qilish zarur, chunki odam suv, tuproq va iqlim sharoitiga genetik moslashgan boʻlib, buni hisobga olish lozim.
Ratsional ovqatlanishda suv asosiy komponent boʻlib, organizmda koʻplab vazifalarni bajaradi. Suv — tiriklik manbai va hujayralar uchun ozuqaviy muhitdir. Katta yoshdagilar har kuni 3,5 litrgacha suv yoʻqotar ekan. Shuning uchun bizning tanamiz toza suv zahirasi toʻldirilishiga ehtiyoj sezadi. Biz qancha suv yoʻqotsak, shuncha isteʼmol qilishimiz zarur.
Insonning suvga ehtiyoji tana ogʻirligining har kilogrami uchun 30 – 35 ml.ni tashkil etadi. Ovqatdan 30 daqiqa oldin ichilgan suv gastrit, duodenit, jigʻildon qaynashi, yara, kolit va boshqa oshqozon buzilishlarida foydalidir. Jismoniy mashq qilishdan oldin va qattiq jismoniy mehnatdan oldin ichilsa erkin suv zahirasini yaratadi.
Qabziyatga uchragan, meva va sabzavotlarni kam isteʼmol qiladiganlar koʻproq suv ichishi kerak. Ertalab uygʻongan zahoti 3-4 piyola ichilgan suv samarali ich suruvchi vosita sifatida yordam beradi. Oddiy suv eng yaxshi tabibdir. Tabiiy buloq suvi, mineral suvlar foydali hisoblanadi. Suvsizlanish tromboz, insult, infarkt, umurtqa ostroxondroziga sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, bosh ogʻriq xuruji, charchoq, qon bosimi oshishi kuzatilishi ehtimoli bor. Suvsizlanishdan bel va boʻgʻimlar ogʻrishi, qabziyat, boʻyrak va oʻt pufagida toshlar paydo boʻlishi mumkin. Tirnoqlarda oʻzgarish boʻlib, teri rangsizlanadi, elastikligi yoʻqoladi. Ortiqcha vazn paydo boʻladi. Sifatsiz suv ichish va yetarli miqdorda suv ichmaslik miya hujayralariga kuchli taʼsir etadi. Organizmda suv 2 foizga kamaysa kayfiyat yomonlashib, koʻngil aynishi, uyquchanlik paydo boʻladi. 6 – 7 foizga kamayishi bosh ogʻrigʻi, nafas qisishi, fikrlash buzilishi, diqqat – eʼtibor yoʻqolishi, eshitish 11 – 20 foizga kamayishi va koʻrishning yomonlashuvi hamda mushaklar spazmini keltirib chiqaradi. Suvning 25 foizga kamayishi oʻlim holatiga sababchi boʻlar ekan.
Suv organizmning barcha hujayralariga ozuqaviy modda va kislorodni yetkazib beradi. Mineral tuzlarni eritib, toksin, shlaklardan tozalaydi. Maʼlumki, inson ovqat yemasdan 1,5 oy yashay oladi. Suvsiz 3 kungacha yashay olishi mumkin.
Muxtasar aytganda, tibbiy madaniyatli inson doimo oʻz sogʻligi va oilasini salomatligiga masʼuliyatli yondashib, salomatlik darajasini oʻrganib, har 6 oyda tibbiy koʻrikdan oʻtib turadi. Oilada sogʻlom muhitni shakllantirib, hayotini mazmunli oʻtishiga harakat qiladi.