Qishloq xoʻjaligi boʻyicha ilk izohli lugʻat yaratildi

    Lugʻatda qadimdan qoʻllanilib kelgan sohaga oid koʻplab soʻz va atamalarning asl mazmuni bilan tanishasiz, hozirgi paytda kundalik faoliyatimizda foydalanib kelinayotgan soʻzlar hamda soʻnggi yillarda kirib kelgan yangi terminlar maʼnosini bilib olasiz

    Yunon tarixchilari Strabon, Herodot, Henatiylar yozib qoldirgan maʼlumotlarda Xorazmda bundan 4 ming yil avval sugʻorma dehqonchilik madaniyati paydo boʻlgani va xorazmliklar qadimiylikda misrliklar bilan bellashishlari mumkinligi eʼtirof etilgan. Shu jihatlarni hisobga olganda, qadimiy Turon zamin — hozirgi Oʻzbekiston hududi sugʻorma dehqonchilik madaniyatining ilk beshiklaridan biridir.

    Buyuk astronom, matematik va geograf Ahmad Fargʻoniy xalifa Mutavakkil zamonida (milodiy 846-862-yillar) misrliklar uchun azaliy muammo — Nil daryosi suvini oʻlchaydigan “Miqyosi Nil”ni yaratishi xalqimiz jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissaning bir zarrasidir.

    1963-yilda AQSHning Chikago shtatida 180 ming atama va soʻzga izoh berilgan “The World encyclopedial dictionary book” (“Jahon qomusiy lugʻati”) da “Oʻzbeklar – jahon xalqlari orasida birinchilardan boʻlib, turkiy xalqlar oʻrtasida dastlabki oʻtroqlashgan, madaniy turmush kechiruvchi, jahon sivilizatsiyasiga hissa qoʻshgan millat....” deb bayon etilgan. Oʻtroqlashishning asosi dehqonchilik boʻlib, ajdodlarimiz shu kasb tufayli turmush kechirib kelishgan. Demak, qishloq xoʻjaligiga aloqador soʻz va atamalar ham oʻsha zamonlardan muomalaga kiritilgan va takomillashgan.

    Millat va til buyuk allomalar tomonidan misli tan va jon sifatida eʼtirof etiladi. Dehqonchilik madaniyati rivojlanishi bilan sohaviy atamalar koʻlami kengayib, tilimiz boyigan, ilmimiz taraqqiy etgan.

    Sir emas, bugun qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar, ilm-fan yutuqlari, ilgʻor xorijiy tajriba va texnologiyalarning joriy qilinishi, jahon miqyosida globallashuv tobora kengayib va chuqurlashib borayotgani muomalada boʻlgan soʻz va atamalar bilan bir qatorda koʻplab xalqaro va xorijiy terminlar qoʻllanilishi jarayonini tezlashtirdi. Agrar tarmoqqa yangi terminlarning shiddat bilan kirib kelishi muomalada ularning turli maʼnoda, bilib-bilmay talqin qilinishiga, amaliy faoliyatda muayyan tushunmovchiliklarga sabab boʻlmoqda.

    Demak, sohaviy atamalarning yaxlit izohli lugʻatini yaratish zarurati pishib yetildi. Shu bois, Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutasaddilari agrar soha tarmoqlari va uning qadimdan rivojlangan turli kasb-hunarlariga oid hamda taraqqiyotning zamonaviy bosqichida paydo boʻlgan ilmiy texnikaviy terminlar, soʻnggi davrda muomalaga kirib kelayotgan xalqaro va xorijiy atamalarni jamlash, ularning oʻzbek tilidagi lugʻaviy va maʼnaviy izohlarini adabiy meʼyorlarga mos ravishda tayyorlash vazifasiga kirishdilar.

    — Umuman, vazirlik tizimida davlat tilida ish yuritish borasidagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Ushbu holatni hisobga olib, “Qishloq xoʻjaligi atamalari izohli lugʻati”ni yaratish maqsadida vazirlik tizimidagi olim va mutaxassislardan iborat tahrir hayʼati, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari boʻyicha uning shoʻbalari ish olib bordi. Ushbu lugʻatning ilk marotaba yaxlit holda nashrga tayyorlanishi muhim ahamiyatga ega voqea boʻldi. Zero, qadimiy dehqonchilik madaniyatiga ega xalqimizning tadrijiy rivojlanishi shu soha bilan bevosita bogʻliq ekani koʻhna tarix sahifalarida muhrlangan.

    Taʼkidlash kerakki, uni tayyorlashda “Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi”, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Yosh dehqon ensiklopediyasi” hamda qishloq xoʻjaligi tarmoqlari boʻyicha mavjud lugʻatlardan, shuningdek, xorijiy nashrlar va manbalardan foydalanildi. Manbalarni toʻplash, tahlil qilish va lugʻatni shakllantirishda vazirlik tizimidagi olim va mutaxassislar, ayniqsa, Toshkent davlat agrar universitetining bir qator fidoyi professor-oʻqituvchilari hamda “Oʻzbekiston” nashriyot matbaa-ijod uyi jamoasi jonbozlik koʻrsatdi.

    —Lugʻatda qadimdan qoʻllanilib kelgan sohaga oid koʻplab soʻz va atamalarning asl mazmuni bilan tanishasiz, hozirgi paytda kundalik faoliyatimizda foydalanib kelinayotgan soʻzlar hamda soʻnggi yillarda kirib kelgan yangi terminlar maʼnosini bilib olasiz, — deydi vazirlik Axborot tahlil multimedia boʻlimi bosh muharriri Otamurod Abdullayev. — Qishloq xoʻjaligi sohasiga oid bu lugʻat iqtisodiyotning mazkur tarmogʻida faoliyat yuritayotgan olim va mutaxassislar, professor-oʻqituvchi va talabalar, fermerlar hamda agrotadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan barcha yurtdoshlarimiz uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

    “Qishloq xoʻjaligi atamalari izohli lugʻati”ning mazkur toʻplami bu boradagi dastlabki qadam boʻlib, unda ayrim juzʼiy kamchiliklar uchrashi tabiiy. Kelgusi nashrlarda ularni tahrir etib, toʻplamni yanada takomillashtirib borish rejalashtirilgan.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri