Amir Temur yurt obodonchiligi va aholi sogʻligiga alohida eʼtibor bergan. Bu haqda “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: "Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona (yoʻlovchilar qoʻnib oʻtadigan joy; kambagʻal yetim-yesirga ovqat beriladigan joy; gʻaribxona) solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansinlar".
Sohibqiron bobomiz oʻz davrida ijtimoiy guruhlarni oʻn ikki toifaga boʻlgan. Shular ichida hakimlar, tabiblar, munajjimlar va muhandislarni sakkizinchi toifaga kiritgan. Ularni saltanat korxonasiga rivoj beruvchilar, deb atagan. Tabiblar haqida shunday deydi: “Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davolatar edim”.
Hukmdorning shaxsiy shifokori
Amir Temur davrida har bir shaharda shifoxona boʻlgan, ularda bilimli va tajribali tabiblar ishlagan. Jumladan, Samarqandda “Dor ush-shifo” nomli yirik kasalxona boʻlib, unga oʻz zamonasining taniqli tabibi Mir Sayyid Sharif Sheroziy rahbarlik qilgan.
Bu tabib asli jurjonlik boʻlib, Amir Temurning taklifi bilan Samarqandga kelib, shu kasalxonaga boshchilik qilgan. Shu davrlar yirik tabiblardan Xisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fayzulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammadlar yashab, faoliyat koʻrsatgan.
Tarixiy maʼlumotlarda taʼkidlanishicha, Mavlono Fayzulloh Tabriziy Amir Temurning shaxsiy tabibi boʻlgan. U Sohibqironning barcha safarlarida birga boʻlar edi.
Sterillash va antiseptika haqida bilgan jarroh
Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulugʻbek davrida tabiblar oʻrtasida mohir jarrohlar ham boʻlgan. Ulardan biri Tojiddin Hakim edi. Bu jarroh ancha murakkab operatsiyalarni ham bajargan. Masalan, koʻz kataraktasini jarrohlik yoʻli bilan muvaffaqiyatli davolagan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bu tabib operatsiyadan oldin jarrohlik asboblarini oʻt (olov) ustida qizdirib olib, soʻng ishlatgan. Operatsiya vaqtida esa qoʻlini tez-tez mayda qilib toʻgʻralgan piyozga botirib olarkan.
Maʼlumki, piyozda mikroblarni oʻldiruvchi fitotsidlar boʻladi. Oʻt ustida qizdirilgan asbob esa tamomila mikrobdan holi boʻladi (sterilizatsiyalanadi). Bundan maʼlum boʻladiki, Tojiddin Hakim yarani aynatuvchi jonzodlar mavjudligini bilgan va ularning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun yuqoridagi aytilgan chorani koʻrgan. Bu jihatdan, Tojiddin Hakimni Oʻrta Osiyoda antiseptika usulining asoschisi, desa boʻladi.
Amir Temurning tibbiy-sanitariya choralari
Amir Temur va temuriylar davrida orastalik hamda ozodalik birlamchi masalalardan boʻlgan. Biz buni Sohibqironning oʻz askarlariga qoʻllagan chora-tadbirlari misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Amir Temur har bir jang oldidan askarlarining sogʻligʻini tekshirib, har birining oʻzigagina tegishli boʻlgan shaxsiy buyumlari bilan ham qurollanishini nazorat qilgan.
Bundan tashqari, temuriylar davrida aynan shahzodalarning piyola va idishlari qanday metalldan yasalishiga ham alohida eʼtibor qaratishgan. Ana shunday buyumlar sarasiga nefritni kiritish joizdir. Bu idishlarning yana bir oʻziga xos xususiyati shundaki, ularga zahar solingudek boʻlsa, ularning rangi oʻzgargan.
Epidemiologik tartiblar
Xalqni ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun koʻpgina hovuz, kanal, ariqlar qazilgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Amir Temur va temuriylar davrida yuqumli kasalliklar tez-tez tarqab turar edi. Buning oldini olish uchun kerakli choralar koʻrilgan.
Xususan, tozalikka katta ahamiyat berilgan, ayniqsa, ariq va hovuzlardagi suvlar nihoyatda toza tutilgan. Shu sababdanmi, shifoxonalarning shimol tarafida Doral-huffoz orasida hovuz boʻlib, undan tabiblar bemorlarni davolashda foydalanar edi.
Albatta, bularning bari temuriylar davrida barcha sohalar kabi tibbiyot ilmi ham jadal rivojlanganini tasdiqlaydi