Odatda, investitsiya jozibadorligini oshirishda soliq imtiyozlari faol ishtirok etadigan vositadir, uni joriy qilishning ham oʻz ahamiyati bor.

Soliq imtiyozi tadbirkorlik subʼektlarining oʻz ishlab chiqarish bazasini rivojlantirishda, yangi texnologiyalarni joriy etishda, daromadlarni investitsiyalashni ragʻbatlantirishda samarali vosita boʻlib, bunday harakat kelgusida byudjetda soliq bazasi va daromad soligʻi tushumlarining oshishiga olib keladi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha tasdiqlangan Harakatlar strategiyasining “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan uchinchi yoʻnalishida soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish qayd etilgan va soliq imtiyozlarini qoʻllash chora-tadbirlari bunda alohida ahamiyatga ega hisoblanadi.

Mazkur chora-tadbirlarning ijrosi oʻlaroq, tadbirkorlikning koʻplab sohalarida soliq imtiyozlarini belgilanishi kabi islohotlar amalga oshirilmoqda va bunga koʻplab amaliy misollar aytib oʻtilishi mumkin.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022-yildagi PQ-104-son Qaroriga asosan 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yoʻlovchi va yuk tashish, transport vositalarini taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlarini koʻrsatuvchi va koʻngilochar maskanlarda xizmatlar koʻrsatish faoliyat turlarini amalga oshirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 %ni tashkil etsa, ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2939-son Qaroriga asosan yuridik shaxslar 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliqchilik mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlar boʻyicha aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etildi.

2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar va texnologiyalar hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, biroq daromadining 80 foizidan ortigʻini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan subyektlar uchun foyda soligʻi yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytirildi, baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkasi 50 foiz miqdorida belgilandi.

Ipakchilik va qorakoʻlchilik sohasidagi soliq imtiyozlari qatorida ipak qurti urugʻi, tut koʻchatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar mol-mulk va yer soligʻidan ozod etildi.

Mamlakatimiz hududlaridagi tadbirkorlik muhitini rivojlantirish uchun tegishli hudud imkoniyatlari inobatga olingan holda tadbirkorlarga maxsus soliq imtiyozlarini qoʻllash chora-tadbirlari ham amalga oshirilib kelinmoqda.

Birgina misol sifatida, Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarida davlat roʻyxatidan oʻtib, yangidan tashkil etilgan va ushbu hududlarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50% kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlash tartibi yoʻlga qoʻyilganligini, shuningdek, viloyatning Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlarida, togʻli hududlarida va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarida davlat roʻyxatidan oʻtib, yangidan tashkil etilgan va ushbu tumanlarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga yuridik shaxslardan olinadigan yer, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliq va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining katʼiy belgilangan summasini toʻlashdan ozod qilinganligini taʼkidlash mumkin.

Qonunchiligimizda tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy maqsadlarini ragʻbatlantirish va aholimizning ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlari tadbirkorligini qoʻllab quvvatlash alohida eʼtiborga olingan.

Jumladan, Soliq kodeksida nogironligi boʻlgan shaxslar va ular tomonidan taʼsis etilgan yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari belgilandi.

Xususan, Soliq kodeksi 243-moddasiga asosan ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlgan hamda nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.

Soliq kodeksining 337-moddasiga asosan yagona ishtirokchilari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari boʻlgan va umumiy xodimlar sonida nogironligi boʻlgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan va nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi mehnatga haq toʻlash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan soliq toʻlovchilar foyda soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.

Soliq kodeksining 380-moddasiga asosan bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha qisman (daromadlar qaysi oyda olingan boʻlsa, oʻsha oyda har bir oy uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar boʻyicha) soliq solishdan ozod etiladi.

Soliq kodeksining 414-moddasiga asosan yagona ishtirokchilari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari boʻlgan va xodimlarining umumiy sonida nogironligi boʻlgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash fondi mehnatga haq toʻlash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar mol-mulk soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.

Soliq kodeksining 467-moddasiga asosan yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Oʻzbekiston Chernobilchilari” assotsiatsiyasi boʻlgan va umumiy sonida nogironlar, urush va 1941-1945-yillar mehnat fronti veteranlari 50 foizdan kam boʻlmagan va nogironlar, urush va 1941-1945-yillar mehnat fronti veteranlarining mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizidan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi “0” foiz etib belgilangan.

Shu bilan birga, nogironlarni ishga yollagan tadbirkorlar soliq yukini kamaytirish maqsadida ish beruvchi tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi davlat byudjetidan toʻliq qaytarib berilishi joriy etildi.

Yuqoridagilar asosida shuni xulosa qilishimiz kerakki, soliq imtiyozlarining soliq yuki koʻrsatkichlariga taʼsir etishi jihatdan ahamiyati kattadir. Bugungi kunda kichik biznes subyektlari hamda tarmoq iqtisodiyotini rivojlantirishda, soliq yuki koʻrsatkichlarini yengillashtirish jihatdan ham soliq imtiyozlarining qoʻllanilishi faqat ijobiy ahamiyat kasb etish barobarida, davlat byudjetiga soliq tushumlari miqdorini oshirishni taʼminlaydi.

Soliq imtiyozlarini qoʻllash natijalari, nafaqat tashqi investorlar, balki xoʻjalik yurituvchi subyektning oʻzini koʻproq foyda olish maqsadida berilgan imtiyozlarni oʻz ishlab chiqarishiga investitsiya kiritishga ragʻbatlantiruvchi ahamiyatga egadir.

Toʻgʻri tashkil etilgan soliq imtiyozlaridan ishlab chiqarishni texnik, texnologik jihatdan yangilash uchun sarf etishi, mahsulot tannarxiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatib, bozorda raqobatbardosh mahsulotlarni chiqarish imkonini beradi hamda eksportni qoʻllab-quvvatlovchi vosita hisoblanadi.

Bekzod Mirzayev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini

himoya qilish boʻyicha vakil devoni masʼul xodimi