Qayd etilishicha, Prezidentning “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:

  • 2030-yilga qadar Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yoʻnalishi boʻyicha birinchi darajaga chiqish;
  • soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq toʻlovchilarning soliq organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash.

2026-yil 1-iyuldan:

  • tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
  • soliq xavfi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchilarga aniqlangan xavflar toʻgʻrisida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi;
  • yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga koʻra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi.

2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yoʻnaltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq toʻlovchilar tomonidan:

  • soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini;
  • soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi.

Farmonga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan:

  • qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi va soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
  • jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qoʻllash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.

2027-yildan 1-yanvardan avvalgi yilning 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi 12 oylik davr boʻyicha toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi BHMning 500 ming baravaridan ortiq korxonalar va tijorat banklari oʻta yirik soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.

2026/2027 oʻquv yilidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash maqsadida Soliq qoʻmitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi.

2027-yil 1-yanvardan soliq sohasida alohida tashabbus koʻrsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.