— Chiroqchidagi maktablarni oʻrganib yurganimda, kutilmaganda davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganimni eshitib boshim osmonga yetdi, — deydi  xalq taʼlimi vaziri. — Respublikamizda maktab taʼlimi muammolar yigʻilib qolgan eng ogʻir sohalardan biri boʻlsa, Chiroqchi tumani bu masalada hududlar orasida eng ogʻiri hisoblanadi. Prezidentimiz maktab taʼlimida ijobiy oʻzgarish qilish uchun eng asosiy eʼtiborni eng ogʻir hududlarga qaratayotganliklari sababli ham tumanda mana oxirgi 3 yilda 43 ta juda xarob ahvolda boʻlgan maktab filiallari qaytadan taʼmirlanib yoki butunlay yangidan qurilib, toʻlaqonli maktabga aylantirildi va natijada maktablarning umumiy soni 236 taga yetdi.

Bu yilning oʻzida esa investitsiya, obod qishloq va joriy taʼmirlash dasturlari orqali 114 ta, yaʼni tuman maktablarining yarmidan koʻpi turli xil darajadagi taʼmirlash imkoniyatiga ega boʻldi! Albatta, hali amalga oshiradigan ishimiz juda koʻp. Lekin ushbu qisqa vaqt ichida tumandagi maktablar uchun bu juda katta ijobiy oʻzgarish ekanligini koʻrsa boʻladi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz dunyoning eng salohiyatli davlatlari bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib berganlari tufayli ham, ushbu davrda Qashqadaryo viloyatiga va jumladan Chiroqchi tumaniga qator Rossiyalik pedagoglar, Xitoy Xalq Respublikasi granti asosida kompyuter sinflari yuborildi, AQSH pedagoglari kelib faoliyat yuritishdi, hamda Toshkent shahridan keyingi eng katta AQSH kutubxonasi Qarshi shahrida tashkil etildi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik bayramiga, mening hayotimdagi eng katta sovgʻa bilan taqdirlaganlari uchun Davlatimiz Rahbariga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman va bor kuch-gʻayratimni bildirilgan ishonchni oqlashga safarbar etaman!