Bu yoʻnalishga masʼul boʻlgan Ekologiya qoʻmitasi, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari koʻrinmayotgani tanqid qilindi.

Soʻnggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori meʼyordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Andijon, Namangan, Qoʻqon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga toʻgʻri keladi.

Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish boʻyicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yoʻgʻi 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Fargʻonadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.