UzAvto mahalliy brendi ikkilamchi avtomobil bozorida yetakchi boʻlib qolmoqda. 2021-yilning iyul-oktyabr oylarida ushbu markadagi avtomobillar ikkilamchi avtomobil bozorining 67,7% ni egallagan. Ikkinchi oʻrinda VAZ markasi (LADA) boʻlib, uning ulushi 15,3% ni tashkil etdi.

2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarga qarashli transport vositalari soni 2 955 295 taga yetdi. Bu koʻrsatkich 2015-yilda 2 109 185 tani tashkil etgan.

Soʻnggi tendensiyalarning avtomobil narxlariga taʼsiri

2021-yilni 2020-yil bilan taqqoslaganda, bir yil davomida eskirish faktoriga qaramasdan, baʼzi milliy avtomobil modellari narxi biroz koʻtarildi. Masalan, 2019-yilda chiqarilgan ikkinchi pozitsiyadagi Chevrolet Cobalt 2020-yilda 9,6 ming dollarga taklif qilingan boʻlsa, 2021-yilda bu taklif narxi 10,2 ming dollarga yetgan.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, barcha Chevrolet Cobalt pozitsiyalariga narxlar oʻrtacha 4 foizga, Chevrolet Spark 4 foizga, Chevrolet Lacetti 2 foizga oshgan.

Shu bilan birga, Chevrolet Captiva 5 foizga, Chevrolet Matiz 2 foizga, Chevrolet Damas 2 foizga, Labo 10 foizga arzonlashdi. Rossiyadan import qilingan avtomobillar ham biroz arzonlashdi: Lada Vesta 2 foizga va Lada Largus 2 foizga.

Ikkilamchi bozorda eng ommabop markalar narxlarining oʻzgarishi

 

 

 

Ishlab chiqarilganiga bir yil toʻlmagan avtomobillar narxi sezilarli darajada oshdi

Nisbatan yangi avtomobillar narxlarini solishtirganda (hisobot yilida ishlab chiqarilgan) 2021-yilda narxlar sezilarli darajada oshgani maʼlum boʻldi. Agar 2020-yilda oʻsha yili ishlab chiqarilgan ikkinchi pozitsiya Chevrolet Cobalt uchun 10 ming dollar taklif qilingan boʻlsa, 2021-yilda shu yilda ishlab chiqarilgan avtomobil taklifi narxi 11,2 ming dollarga koʻtarildi.

Chevrolet Cobaltʻning barcha pozitsiyalari oʻrtacha narxi 12 foizga, Chevrolet Spark 5 foizga, Chevrolet Lacetti 7 foizga, Chevrolet Malibu 18 foizga, Chevrolet Tracker 14 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, Damas va Labo narxlari deyarli oʻzgarishsiz qoldi. Narxlarning sezilarli oʻsishi asosan avtomobilning oʻrta pozitsiyalarida (ikkinchi va uchinchi pozitsiyalar) kuzatildi.

Ikkilamchi avtomobil bozorida narxlarning keskin oʻsishi yangi mahalliy avtomobillarni ishlab chiqarishning sekinlashishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, bu esa talabning doimiy oʻsishi bilan ikkilamchi bozorning faollashishiga olib keldi.

UzAuto Motors zavodi iyul oyining oʻrtalaridan avgust oyi oxirigacha modernizatsiyalash munosabati bilan yopilgan. Bundan tashqari, Chevrolet Lacetti va Chevrolet Spark avtomobillarini ishlab chiqarish yarim oʻtkazgichlarning global yetishmasligi tufayli toʻxtatilgan. Bugungi kunda kompaniya barcha mashhur avtomobil modellarini ishlab chiqarishni qayta tikladi.

Shuningdek, tahlillar import qilinadigan avtomobillar narxining sezilarli darajada oshganini koʻrsatdi: Lada Vesta 27 foizga va Lada Niva 44 foizga va bu esa Rossiyada ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar narxining oshishi bilan bogʻliq.

2021-yilda 2020-yilga nisbatan avtomobil narxlarining oʻzgarishi

Tahlilchilarning qayd etishicha, ekonometrik modellashtirish usuliga asoslangan ikkilamchi avtomobil bozorini oʻtgan yilgi oʻrganish natijalariga koʻra, avtomobilning bir yil davomida eskirishi uning narxini oʻrtacha 300-400 AQSH dollariga kamayishiga olib keladi.

Shu bilan birga, davom etayotgan pandemiya va natijada mikrochiplarning global taqchilligi va global taʼminot zanjirlarining uzilishi tufayli taʼminot egri chizigʻi chap tomonga siljigan.