Prezidentimiz hozirda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan koʻrsatilayotgani, ilgʻor tashabbuslar ham ulardan chiqayotgani quvonarli hol ekanini taʼkidlab, ularning xususiy sheriklikni kengaytirish boʻyicha barcha takliflarini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Xususiy tibbiyot klinikalarida koʻrsatilayotgan xizmat narxlari respublika markazlaridan arzon ekani koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga respublika markazlaridagi xizmat narxlarini adolatliligini koʻrib chiqish, xususiy klinikada xuddi shu xizmatlar arzon va sifatli boʻlsa, tibbiy sugʻurta mablagʻini ularga toʻlab berish topshirildi.

Kelgusida ham tibbiyotda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va ularga qoʻshimcha sharoitlarni yaratish davom ettirilishi taʼkidlandi.

Xususan, kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish boʻyicha imtiyoz 3-yilga uzaytiriladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish boʻyicha berilgan imtiyoz xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qoʻllanadi.

Zamonaviy koʻp tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi.

Bu mablagʻlar kelgusi yildan boshlab tadbirkorlarga 7-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan 17 foiz stavkada beriladi.