So'nggi yillarda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 1,6 million gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi

    AOKAda o'tkazilgan brifingda O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi boshqarma boshlig'i Zafar eshonqulov shu haqda ma'lumot berdi.

    Tadbirda qayd etilishicha, agar XXI asr oxirigacha hozirgi sur'atlarni saqlab qolsak dunyodagi o'rtacha harorat 4 darajaga, Markaziy Osiyo davlatlarida esa 7 darajagacha ko'tarilishini ekspertlar bashorat qilmoqdalar. Global iqlim o'zgarishi natijasida oxirgi 50-60 yil ichida muzliklar maydoni taxminan 30 % kamaydi. 2050- yilgacha suv resurslarini Sirdaryo havzasida 5 % gacha va Amudaryo xavzasida 15 % gacha kamayishish kutilmoqda.

    Bunday ekologik muammolarning oldini olish uchun yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 2018-2021- yillarda jami 1,6 mln. gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Bundan tashqari, Orolbo'yi mintaqasi bo'lgan Buxoro viloyatida 79,3 ming gektar, Navoiy viloyatida 43 ming gektar va Xorazm viloyatida 8,5 ming gektar “yashil qoplama”lar barpo etildi.

    Bajarilgan ishlarga qaramasdan, Orol dengizining suvi qurigan hududlaridagi hozirgi ekologik holat, qum-chang to'zonlarining ko'tarilishi “yashil qoplama”lar barpo etish ishlarini jadallashtirishni taqozo etmoqda. Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo'yi hududlarida keyingi 5 yillikda 1 mln gektar cho'l o'simliklaridan “yashil qoplama”lar barpo etish rejalashtirilgan. Shu jumladan, 2022 -yilda jami 200 ming gektar maydonda cho'l o'simliklarining urug'idan 187 ming gektar, ko'chatidan 13 ming gektar maydonda ko'chatidan “yashil qoplama”lar barpo etish ko'zda tutildi. Bunda, nafaqat Orol dengizining qurigan tubi, balki Orolbo'yi mintaqasida ham “yashil qoplamalar”ni barpo etish nazarda tutildi. Ushbu o'rmon-meliorativ tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 780 tonna cho'l o'simliklarining urug'lari tayyorlanib, “yashil qoplama”lar barpo etish uchun sarflanadi. Bundan tashqari, kamida 100 gektar maydonda saksovul niholxonalari tashkil etiladi.

    Orol dengizining qurigan tubida va Orolbo'yi mintaqasida sodir bo'layotgan ekologik xolatni yaxshilash bo'yicha xalqaro ko'pgina tashkilotlar hamda bir qator xorijiy davlatlar bilan o'zaro xamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan. Xususan, O'zbekiston xukumati YUNESKO va BMT Tarqqiyot dasturining maqsadli jamg'armasi ko'magida “Orolbo'yida barqaror qishloq xo'jaligini rivojlantirish orqali inson xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolarini hal etish” qo'shma loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari MKVK tashkiloti Orol dengizining qurigan tubiga 2 ta ilmiy ekspeditsiya tashkil etib, monitoring ishlarini olib bordi.

    O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot instituti Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda qator innovatsion, ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirdi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidetining tashabbusi bilan BMT bosh assambleyasi 2021- yil 18 -maydagi 75 -sessiyasida “Orolbo'yi hududini – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Bunday maqom birinchi marotaba Orolbo'yi mintaqasiga berildi. Buning e'tiborga loyiq tomoni shundaki, endilikda Orolbo'yi mintaqasidagi ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy va demografik loyihalar kengayadi.