Mazkur hujjatlarda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish; davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlash yuzasidan qator vazifalar belgilangan. Ushbu islohotlarning samarali va bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirilayotganligi xalqaro hamjamiyatning ham eʼtirofiga sabab boʻlmoqda.
Taʼkidlash joizki, korrupsiyaning tarixiy oʻzaklari juda-juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada maʼlum mavqega ega boʻlish uchun qabila sardorlariga sovgʻalar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Oʻsha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning, xususan sovgʻalar oldi-berdisining davlat rivojlanishiga katta toʻsiq ekanligini koʻrsatdi.
Sovgʻalar siyosati bilan bogʻliq xalqaro standartlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, BMT Bosh Assambleyasining 1996-yil 12-dekabrdagi
51/59-sonli rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro odob-axloq kodeksiga koʻra, davlat mansabi milliy qonunchilikka muvofiq aniqlanadi, bu mansab ishonchga asoslangani uchun davlat manfaatlarini koʻzlab harakat qilish majburiyatdir. Unda nafaqat mansabni egallash davrida balki, undan ketgandan keyin ham cheklovlarga rioya qilish, oʻzining shaxsiy hamda xotini (eri) yoki qaramogʻidagi shaxslarning daromadlari va majburiyatlari haqida maʼlumotlarni eʼlon qilish, sovgʻalar yoki boshqa tarzda eʼtibor belgilarini qabul qilmaslik, maʼlumotlar bilan ishlashda konfidensiallik, siyosiy yoki boshqa faoliyati davomida jamoatchilik ishonchiga putur yetkazmaslik boʻyicha umumiy talab va cheklovlar belgilangan.
“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga davlat xizmatida sovgʻa olish-berish, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha ishlab chiqilgan “Sovgʻa siyosati” nomli alohida bob kiritildi.
Sovgʻa siyosatini belgilashda qanday omillarga eʼtibor qaratilishi lozim?
Ekspertning taʼkidlashicha, sovgʻa siyosatining asosiy vazifasi korrupsiya predmeti va sovgʻa oʻrtasidagi chegarani aniq belgilanib berilishida namoyon boʻladi. Aynan bunday “nozik” farq kompaniyaning komplaens xizmati tomonidan belgilangan normativ meʼyorlar orqali aniqlanadi. Bu jarayonda komplaens nazorat tizimining alohida vakolati va vazifalari belgilab qoʻyiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda ham sovgʻalar berilishi bilan bogʻliq qoidalar belgilangan. Jumladan, Germaniyada “Korrupsiyaning oldini olish toʻgʻrisidagi direktiva” hamda “Halollik qoidalari”da keltirilishicha davlat xizmatchilariga sovgʻa sifatida taqdim etilgan moddiy qiymatliklar miqdori € 25 yevrodan oshsa auksion orqali sotiladi. € 25 yevrogacha boʻlgan kichik qiymatli buyumlar (masalan, sharikli ruchkalar, bloknotlar, kalendarlar) sovgʻa sifatida berilishi mumkin.
Sloveniyada davlat xizmatchisi 75 yevrogacha (agar sovgʻa aynan bir shaxs tomonidan taqdim etilayotganda, 1 kalendar yili davomida 150 yevrodan oshmasligi lozim) boʻlgan miqdordagi sovgʻani qabul qilishi mumkin boʻladi. Har bir xodim tomonidan qabul qilingan sovgʻa toʻgʻrisida komplaens xizmatiga xabar berilishi shart. Agarda sovgʻaning qiymati oʻrnatilgan miqdordan oshgan taqdirda, mazkur sovgʻa kompaniya mulkiga aylanishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.
Rossiya Federatsiyasi Davlat xizmatchilari va munitsipal xizmatchilarining xizmat odob-axloqi va etikasining namunaviy kodeksi asosan, davlat (munitsipal) xizmatchisi oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslardan mukofotlar (sovgʻalar, naqd pullar, ssudalar, moddiy xizmatlar, oʻyin-kulgi, dam olish, transport va boshqalar uchun toʻlovlar) olishi taqiqlanadi. Rasmiy marosimlar, xizmat safarlari va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan davlat (munitsipal) xizmatchisi olgan sovgʻalari federal mulk, Rossiya Federatsiyasi, mahalliy hokimiyat organi mulki deb tan olinadi va davlat organi yoki mahalliy davlat hokimiyati organi qaroriga bilan davlat (munitsipal) xizmatchisiga beriladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, qonunchiligimizda sovgʻalar bilan bogʻliq munosabatlarni bevosita tartibga solish mamlakatimizda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, “niqoblangan” korrupsiya koʻrinishlariga barham berishga, davlat xizmatchilarini halollik, adolatlilik va qonuniylik tamoyillariga asosan faoliyat yuritishiga “kafolat” boʻlib xizmat qiladi.
Sh.Alamonova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi









