Oʻzgidromet maʼlum qilishicha, sovuq antitsiklon kirib kelishi munosabati bilan atmosferada ifloslantiruvchi moddalarning yerga yaqin qatlamda toʻplanishi ehtimoli bor.

Bunga havo aylanishining sustligi va harorat inversiyasi shakllanishi sabab boʻladi. Hozirgi kunda kechasi 5–7 daraja, kunduzi esa 16–18 daraja atrofida kuzatilayotgan harorat farqi ham shunday meteorologik sharoitlarni yuzaga keltirmoqda.

Toshkent shahri nam va nisbatan salqin havo massasi taʼsirida qolmoqda. Ertalabki soatlarda tuman, yuqori namlik va deyarli shamolsiz ob-havo kuzatilishi havo almashinuvini sekinlashtirmoqda. Natijada shahar hududida chiqindilar va zararli moddalar saqlanib qolishi mumkin.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, atmosferada asosan shaharlarga xos ifloslantiruvchi moddalar — avtotransport, isitish tizimlari, yoqilgʻi yoqish hamda sanoat chiqindilaridan kelib chiqadigan zarrachalar toʻplanadi. Bunday sharoitda chang va mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi ortishi ehtimoli bor.

Maʼlumotlarga koʻra, bunday vaziyat yaqin uch kun davom etishi mumkin. 10-martga kelib sovuq antitsiklon mamlakat hududini toʻliq qamrab oladi. Havo harorati barqarorlashishi, shamol tezligining oshishi va yogʻingarchilik kuzatilishi natijasida atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar tarqalishi kutilmoqda.