Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mamlakat hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi oqibatida tabiiy gaz isteʼmoli keskin oshgan. Bu esa magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishiga olib kelgan.
Bunday sharoitda, avvalo, aholi xonandonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab respublika boʻylab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilishi belgilangan.
Ayni paytda, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi hamda jamoat transporti uchun gaz taʼminoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda davom ettirilishi maʼlum qilindi.
Energetika vazirligi yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr soʻradi.