Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida yashovchi 29 yoshli fuqaro A.X. ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs uning bank kartasidan 1.425.000 soʻm pullarini yashirin ravishda oʻzlashtirganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.
Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahrida yashovchi 25 yoshli fuqaro A.J. sodir etganligi aniqlanib, qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, A.J. soxta havola yaratib, uni «onlayn kredit» yoki «moddiy yordam olish uchun bu manzilga bank karta maʼlumotingizni kiriting» mazmunidagi soxta reklamalar bilan, turli kanal va guruhlarda tarqatib, bank karta boshqaruvini berib qoʻygan fuqarolarning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan.
Jinoyat sodir etgan A.J.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va uning boshqa jinoyatlarini ham aniqlash yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, A.J. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.