Farmonga muvofiq, 2025-yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish borasida quyidagilar taʼminlanadi:
— aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yoʻlaklari boʻyida daraxtlar va oʻsimliklarni ekish orqali “Soyali sayr koʻchalari” tarmogʻi yaratilishi, sohil va daryo boʻylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sogʻlomlashtirish yoʻlaklari qurilishi;
— “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalanilishi;
— Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etilishi va Orolboʻyi mintaqasidagi oʻrmonzorlar 2,1 million gektarga yetkazilishi;
— Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida shoʻr va suvsizlikka chidamli oʻsimliklar (galofit) bogʻlari tashkil etilishi;
— Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida davlat “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etilishi;
— jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash akseleratsiya tizimi joriy etilishi.