Soʻz erkinligi – demokratiyaning qon aylanish tizimidir

    Ijtimoiy hayot 27 Iyun 2023 2653

    Bugun soʻz erkinligi, OAV faoliyati xususida fikr bildirganda shuni alohida aytish joizki, ushbu tizim demokratiyaning ajralmas qismi ekanligini hayot haqiqati koʻrsatib turibdi.

    Albatta, soʻz ayta olish, uning erkinligi insonga berilgan eng ulugʻ neʼmatdir. Zotan, “soʻz” soʻzining oʻzi ham fors-tojik tilida “suz” yondirmoq, kuydirmoq maʼnolarini anglatishi bejiz emas. Demakki, uning mohiyatida yondirmoq, vujudga harorat bermoq, yoritmoq vazifasi yotadi. Soʻz erkinligi xususida mulohaza yuritar ekanmiz, mamlakatdagi axborot siyosati, shaffoflik boʻy choʻza boshlagan davrlarga nigoh tashlash zarur.

    Bundan 6-7 yil avval — ommaviy axborot vositalari, milliy matbuotimiz, bir-biridan foydali saytlar va ijtimoiy tarmoqlar goʻyoki qanot bitgandek tezlik bilan jonlana boshladi.

    Avvaliga xalqimiz bu jarayonlarga hadik bilan qaragani rost. Lekin ularni hech qaysi bir kuch toʻxtatib qololmasligi, milliy tafakkur, milliy ovoz yetilganligini asta-sekin anglab yetdilar. Yillar oʻtib bosqichma-bosqich davlat va jamiyat oʻrtasidagi “yaltiroq” parda koʻtarilib, haqiqat koʻzi bilan qarashlar davri boshlandi.

    Harakatlar strategiyasi hayotga tatbiq etila boshlangach, soʻz erkinligi, jamiyat hayotida jurnalistlar, OAVning oʻrni butunlay yangi davrga qadam qoʻydi. Xalqimiz tili bilan aytganda, oqni “oq”, qorani “qora” deydigan realist jurnalistlar avlodi yetishib chiqdi. Natijada davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar oʻz faoliyatini OAV uchun ocha boshladi va hisobdorlik taʼminlanishiga mamlakatda qulay muhit va sharoit shakllandi.

    Bugungi kunda OAV vakillari xalqqa bir ishonchli koʻprik sifatida islohotlarning insonparvarligini taʼminlashga, oʻzgarishlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga, jamiyatda mavjud muammolar va kamchiliklarni ijobiy hal etishga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar. Bu borada jamoatchilik nazorati jurnalistlarga eng asosiy koʻmak boʻlmoqda.

    Aytish kerakki, ochiqlik va oshkoralik siyosati hammaga ham yoqavermaydi. Chunki mustabid tuzum davrida bu sohaga nisbatan salbiy kayfiyat bir kasallik singari koʻpchilikka singib qolgan. Lekin tan olish kerakki, soʻz erkinligi va ochiqlik islohoti endilikda bizni kayfiyatimiz va qarashlarimiz bilan hisoblashib oʻtirmaydi. Chunki bu erkinlik qoʻllab-quvvatlanayotgan Yangi Oʻzbekistonda shaxsning shaʼni va qadr-qimmati tobora yuqorilar ekan, shaffoflik, oshkoralik odamlarimizga suv va havoday zarur boʻladi. Shu bois, soʻz erkinligiga rivojlangan mamlakatlar jamoatchilik vakillari demokratiyaning qon aylanish sistemasi sifatida katta baho beradilar.

    Yurtimizda aynan 27-iyun sanasida matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb bayramlari nishonlanishi ham bejiz emas, albatta. Ushbu kun — milliy matbuotimiz tahlikali tuzum zulmatini yorib chiqqan va jadid bobolarimizning xalq maʼrifat yoʻlida qilgan mehnati koʻz ochgan – “Taraqqiy” milliy gazetasi nashr etilgan sana tarixidir. Ilmu ziyo yoʻlini hech kim toʻsa olmagani kabi, soʻz erkinligini cheklash ham foydasiz ekanini ularning shonli tarixi misolida guvohi boʻldik.

    Maʼrifatparvar jadid bobolarimiz kutgan asriy orzular bugun milliy matbuotimizda boʻy koʻrsatayotgani bu — jamiyatimizning ulkan yutugʻidir.

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori,

    pedagogika fanlari doktori, professor