Odamlarga munosib sharoit yaratib, ishli qilish – strategik vazifa

    Hukumat 1 Iyun 2024 2554

    G‘ijduvon tumanida 1-iyun kuni Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining boshida hududdagi o‘zgarishlarni qayd etdi.

    So‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshgan, aholi jon boshiga 26 million so‘mga yetgan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 4 ming 600 ta korxona tashkil etilib, 90 mingta ish o‘rni yaratilgan. Eksport 215 million dollarga yetgan. Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshgan.

    – Iqtisodiyotni izchil rivojlantirib, yana ish joylari ochish, yoshlarni bilimli va kasbli qilish bo‘yicha hali ko‘p ishlash kerak. “Oyog‘imiz ostida” imkoniyatlar turibdi. Ulardan foydalanib, 544 ta mahalladagi 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yanada yaxshilash zarur. Buning uchun har bir tizim har kuni mehnat qilishi, izlanishi kerak, – dedi Prezident.

    Ishsiz, kam daromadli va chet elda qiynalgan odamlarga munosib sharoit yaratib, ishli qilish hokimlar va sektor rahbarlari uchun strategik vazifa ekani ta’kidlandi.

    Shu bois Buxoroda bu yil kichik biznesga 5,9 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2,1 trillion so‘m kredit berilishi aytildi. Buxorodagi kichik biznes, turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratiladi. Bular orqali iyun-dekabr oylarida 78 ming aholi bandligini ta’minlash mumkin.

    Odamlarni ishli qiladigan katta imkoniyat sanoat zonalarida. Kogon tumanida ming gektarda yirik sanoat majmuasi barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi.

    Elektr texnikasi tarmog‘ida bu yil Buxoro shahri va Qorovulbozorda 50 million dollarlik 3 ta yirik quvvat ishga tushadi. Temir-beton mahsulotlari chiqaradigan zavod quriladi. Buxoroning tarixiy qismida zargarlik markazi tashkil etiladi.

    Investitsiya loyihalari infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Natijada 405 million dollarlik 5 ta loyihaning ishga tushishi tezlashadi.

    Masalan, Buxoro tumanidagi neft-kimyo klasterida benzol, olefin, aromatik uglevodorod, naftadan pentan va geksan eritgichlari ishlab chiqariladi. 4,5 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat, 130 million dollar eksport tushumi va 600 ta yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.

    Viloyat sanoat korxonalarining kooperatsiya xaridlaridagi o‘rni kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga ishlab chiqaruvchilarning davlat xarididagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Shu maqsadda Kooperatsiya portalida haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartib qilinib, korxonalar reyestri va yillik quvvati yangilab boriladi.

    Buxoroda yiliga 5 million xorijiy turist kelishi uchun sharoit yaratilmoqda. Shahar markazida Boqiy Buxoro madaniy etnografik parki va yangi aeroport qurilishi boshlandi.

    Shu bilan birga, viloyatdagi 30 ta tarixiy yodgorlikni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Zarafshon daryosi bo‘yida sayilgoh tashkil qilish, To‘dako‘l suv havzasi bo‘yida dam olish maskanlarini ko‘paytirish zarurligi aytildi.

    Hukumatga ulug‘ ajdodlarimiz boy merosini chuqur o‘rganish, obidalar atrofida turizm kontentini ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

    Qishloq xo‘jaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Viloyatda ip-kalavaning 57 foizi mato qilinayapti, qolgani xomashyo shaklida 4 barobar arzon sotilayapti.

    Yoki, viloyatda 1 million 200 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilsa-da, eksporti ko‘p emas. Sababi – meva-sabzavotlarni sotish joylari hal qilinmagan, ularni qadoqlash tizimi yo‘q.

    Qorako‘l erkin iqtisodiy zonasining 30 gektarida texnopark tashkil qilib, mazkur tarmoqlardagi korxonalarni joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Xususan, binolar aralash gazlama va buyoq xonaga moslab quriladi, chet ellik va mahalliy hamkorlarga qulay shartlarda tayyor holda topshiriladi. Bu bir yilda to‘liq qayta ishlash tizimiga o‘tib, eksportni ikki barobar oshirishga turtki beradi.

    Rossiyaning Nijegorod viloyati va Penza shahrida Buxoro viloyatining bozorlari barpo etiladi.

    Irrigatsiya masalalariga to‘xtalinar ekan, viloyatda suv yetkazish xarajatining 87 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Nasoslar energotejamkoriga almashtirilsa, yiliga kamida 400 milliard so‘mni iqtisod qilish mumkinligi aytildi.

    Davlatimiz rahbari yig‘ilish G‘ijduvonda bo‘layotganiga e’tibor qaratib, bu yerliklarning ishbilarmonligini ta’kidladi.

    So‘nggi yillarda tuman sanoati 2 karra o‘sib, 2 trillion so‘mdan oshgan. Shu vaqtda 2 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlagan.

    Bu sur’atni davom ettirgan holda, tadbirkorlarni eksportga yo‘naltirish, xonadonlardagi kichik ishlab chiqarishlarni “soyadan” chiqarish, yoshlarga kasb o‘rgatish, zamonaviy shifoxona qurish vazifalari belgilandi.

    G‘ijduvonlik tadbirkorlar 10-11-sinf va kollej o‘quvchilariga darsdan so‘ng kasb o‘rgatib, 2 million so‘mgacha oylik to‘lash, bepul tushlik va tekin avtobus bilan ta’minlash taklifini bildirgan. Prezident bu taklifni ma’qullab, xayrli tajribaga aylantirish kerakligini ta’kidladi.

    Umuman, G‘ijduvonning o‘zida 25 ming ish o‘rni, qo‘shimcha 50 million dollar eksport imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

    Yig‘ilishda hokimlar va sektor rahbarlarining axboroti, tadbirkorlarning takliflari eshitildi.