SPECA mamlakatlari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi

    Xalqaro hamkorlik 19 Aprel 2023 1065

    Joriy yil 17-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Respublikasi uchun maxsus dasturi (SPECA)ga aʼzo davlatlar vazirlarining videokonferensaloqa tarzida boʻlib oʻtgan yigʻilishida ishtirok etdi.

    Laziz Kudratov oʻz nutqida mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi mustahkam aloqani taʼkidlab, anʼanalar, urf-odatlar va madaniy qadriyatlar yaqinligini taʼkidladi. Oʻzbekistonning keyingi yillarda olib borilayotgan faol tashqi iqtisodiy siyosati bilan simbiozda bu yaqinlik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda sezilarli natijalar berdi. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan SPECAga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 9,2 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda mintaqa davlatlarida faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan qoʻshma korxonalar soni 2017-yildan buyon besh baravar koʻpayib, 2212 taga yetdi.

    Ishtirokchilarning diqqati mintaqa davlatlarining savdo-iqtisodiy salohiyati, boy tabiiy va inson resurslari hamda qulay geografik joylashuviga qaratildi. Shu nuqtai nazardan, ushbu salohiyatni roʻyobga chiqarish boʻyicha qator ustuvor yoʻnalishlar ilgari surildi. Ular orasidan raqobatdosh ustunliklarni ishga solib, oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavjud savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni soddalashtirish, bojxona va chegara tartib-qoidalarini raqamlashtirish tashabbuslari oʻrin oldi.

    Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha ESKATO barqaror qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash markazining saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish taklif etildi. Bundan tashqari, transport koridorlarini diversifikatsiya qilish va BMT standartlaridan foydalangan holda Transkaspiy transport yoʻlagi boʻylab multimodal maʼlumotlar va hujjatlar almashinuvini raqamlashtirish boʻyicha «Yoʻl xaritasi»ni qabul qilish masalalari muhokama etildi.

    SPECA mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama Trast jamgʻarmasini yaratishni jadallashtirish hamda yashil iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish muhimligi alohida taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.