Mamlakatimiz innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtishi bilan iqtisodiyotga yangi tushuncha, yangicha amaliyotlar kirib bormoqda. Masalan, bunga “transfer” soʻzini keltirish mumkin. Xorijiy mamlakatlarda bu soʻz turli maʼnolarda ishlatiladi. Bu – tajriba almashinuvi, texnik yutuqlar va boshqaruv tajribasi transferi, olimlar va muhandislardan texnikaning boshqa sohalarida foydalanishni anglatadi.

Transfer mexanizmlari koʻproq AQSH va Buyuk Britaniyadan rivojlangan. Ular “spin-off” texnologiyalari, deb ham ataladi. Mazkur atama biror ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish sohasini kengaytirish maqsadida amaliyotda samaradorligi isbotlangan texnologiyalarni joriy etishni anglatadi. Oddiy til bilan aytganda, “spin-off” bu tashkilotning ayrim boʻlimlarini mustaqil ishbilarmonlik subyektiga aylantirgan holda biznesni rivojlantirish demakdir.
Bu model rivojlanish imkoniyatlari katta boʻlgan mahsulot yoki xizmatni yaratish gʻoyasini amalga oshirib, bozorga olib chiqish uchun torroq mutaxassislikdagi hamda moslashuvchan korxona kerak boʻlganida qoʻllaniladi. Yaʼni, bir tashkilot tuzilmasida yangi korxona tashkil etiladi. Bunday holatda “texnologik turtki”, deb ataladigan fenomen ish beradi, yaʼni maʼlum texnologik tamoyil asosida yangi mahsulot yoki xizmat yaratiladi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari izlanuvchilarining gʻoyalarini mahsulotga aylantirish uchun tashkilot tuzilmasida yangi korxona tashkil etishning ahamiyati katta. Ilmiy ishlanmani yaratganlar oʻzlari tadbirkorlik qilishga kirishib, korxona boshqaruvini qoʻlga oladi. Muassasa — taʼsischi, loyihani moliyalashtiruvchi venchur esa investorga aylanadi.

Olimlar, talabalar tomonidan koʻplab qiziqarli va foydali loyihalar ishlab chiqiladi. Ammo Ammo gʻoyani mahsulotga aylantirish mablagʻdan tashqari tadbirkorga xos qobiliyatni ham talab qiladi. “Spin-off” korxonalarining tashkil etilishi mana shu muammoni bartaraf etadi. Talaba oʻqish bilan birga, bir mahsulot yaratuvchisi sifatida boʻlib oʻzi va tengdoshlarini ish bilan band qila oladi. Yangi loyiha va mahsulot yarata oladigan, ammo uni biznes darajasigacha olib chiqish imkoniga ega boʻlmaganlar uchun bu usul qulay.

Prezidentimiz 2020-yil 29-oktyabrda “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzolagan edi. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni toʻliq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish maqsadini ifoda etadigan mazkur hujjat ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022–2024-yillarda qirqqa yaqin istiqbolli yoʻnalishlarda ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion (spin-off) korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bunday korxonalar ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayonlarida resurslarni maqbullashtirgan holda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada talab yuqori boʻlgan hamda istiqbolli innovatsiyalarni keng joriy etish imkonini beradi.

Bunday korxonalar davlat boshqaruvi va mahalliy hokimlik organlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamkorligida tashkil etiladi. Hozirda qator spin-off korxonalarining faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, u yerda koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 25-noyabrdagi “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganidan soʻng mamlakatimizda sohaga taalluqli ilmiy-tadqiqot muassasalarining roli sezilarli darajada oshdi.

Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti tashabbusi bilan “Unigen” qoʻshma korxonasi tomonidan tashhis test-toʻplamlari hamda ekspress diagnostik vositalarini ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish va chorvachilik fermer xoʻjaliklariga tasxishlash boʻyicha ilmiy-amaliy xizmatlarni koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur korxona leykoz, brutsellyoz, oqsil, virusli diareya, leptospiroz, listerioz, parranda grippi, parranda oʻlati, parranda bronxopnevmoniyasi va boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun ekspress-test tizimlarini ishlab chiqaradi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli tufayli iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ilgʻor biotexnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatida ham davr talabiga hamohanglik oʻz ifodasini topmoqda.

Milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirish sharoitida ishlab chiqarish jarayonining samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning barqaror va oqilona nisbatlarda rivojlanishini taʼminlash, bozor talablari asosida ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish darajasi innovatsion iqtisodiyotning tarkibiy tuzilmasini oʻzgartirish hamda uni takomillashtirishga bogʻliq. Ustuvor yoʻnalishlar rivojini taʼminlovchi ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshiruvchi ekotizimni shakllantirib, ilmiy hajmdor masulotlar ishlab chiqarishni koʻzda tutadigan spin-off korxonalari tashkil etilishini bu boradagi ishlarning eng muhimi, deyish mumkin.

Jamoliddin BOBOXONOV,

Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi