Muloqotda martabali mehmon Oʻzbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada yuqori pogʻonaga koʻtarish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.
Taʼkidlash joizki, ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida 2008-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Fransiya Respublikasi Senati bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh tuzildi.
Uchrashuvda oʻtgan davr mobaynida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning faollashuvida parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etib borayotgani taʼkidlandi. Xususan, bugungi kunda Oʻzbekiston – Fransiya oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani, oʻz navbatida, bu saʼy-harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yilning oktyabrida Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifidan soʻng yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan natijalar, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.