Yurtdoshlarimiz bir yo‘la ikki umumxalq bayrami — muborak Ramazon hayiti hamda Navro‘zi olamni qarshi olmoqda.
Shu munosabat bilan 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar 4 kun, haftasiga 6 kun ishlaydiganlar ketma-ket 3 kun dam oladi.
Ushbu sanalarda mamlakatimiz tibbiyot muassasalari qay tartibda ishlaydi? Qaysi shifo maskanlarida qanday profilaktik tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi?
Aholi salomatligini asrash, xususan, bayram va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida alohida shtab tashkil etildi.
Shuningdek, 20 – 23 mart kunlari mamlakatimizdagi tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari hamda hududlardagi 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 20 ming nafar tibbiyot tizimi xodimlari qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
O‘z navbatida, bayram kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 200 ga yaqin aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.
Bayramlar munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida "103" xizmati ham odatiy ish faoliyatini davom ettiradi. Xususan, Respublika tez tibbiy yordam markazining mamlakatimiz bo‘ylab 14 ta hududiy filiali, 167 ta stansiya, 63 ta podstansiya va 1 436 tayanch punktida 2 860 dan ziyod tibbiy yordam brigadasi aholi hamda yurtimiz mehmonlaridan bo‘ladigan chaqiruvlar uchun doimiy shay holda.
Bundan tashqari, bayram kunlari mamlakatimizdagi barcha tug‘uruq va bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.