Mahsulot ishlab chiqarishning aniq meʼyori, tartib-qoidasi boʻladi, ularga amal qilinishi ham ishlab chiqaruvchi, ham xaridor uchun zarur. Chunki bu mahsulot sifati, shu bilan birga, xaridor ishonchini qozonishning muhim shartidir.
Iqtisodiyot, ishlab chiqarish, savdo-sotiq rivojlanishida texnik jihatdan tartibga solish dolzarb masala. Shu maʼnoda Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 27-fevralda imzolangan “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati katta.
Mazkur qonun kuchga kirishi bilan “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi va “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlar oʻz kuchini yoʻqotadi.
Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: xoʻsh, nima sababdan sohaga yangi qonun kerak boʻlib qoldi? Bugungi kunda mamlakatimizda har bir sohada yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida tarixiy yangilanishlar jarayoni kechyapti. Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida katta islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Pirovardida korxonalarimizning eksport salohiyati yuksalib, aholining sifatli va xavfsiz mahsulotlarga talabi oshmoqda.
Lekin sohani tartibga soluvchi “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun 2009-yilda, “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi qonun 2013-yilda, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi qonun esa 1993-yilda qabul qilingan. Tabiiyki, mazkur qonunlar bugungi kun talablariga javob bera olmaydi.
Prezidentimizning 2021-yil 2-iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni esa sohani rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, amaldagi qonunlarni tartibga solish sohasini oʻzida jamlagan va bugungi kun talabalariga toʻliq javob bera oladigan, yuksalib borayotgan iqtisodiyotimiz uchun tegishli huquqiy makon yaratishga xizmat qiladigan yangi qonun ishlab chiqildi.
Avvalo, ushbu qonun mahsulotlar xavfsizligini xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirish, ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar va import qiluvchilarning sifatsiz ishlab chiqarilgan mahsuloti uchun javobgarlik darajasini oshirish, bozorda xavfli mahsulotlar realizatsiyasining oldini olishga qaratilgan davlat nazoratini kuchaytirish, mahalliy mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Yangi qonun amaldagi xalqaro talablar, jumladan, Yevropa Ittifoqi hamda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Mazkur davlatlar qonunchiligida muvofiqlikni baholash sohasi texnik jihatdan tartibga solish tizimining asosiy qismi boʻlib, tegishli normalar bitta qonunda umumlashtirilgan.
Misol uchun, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida texnik jihatdan tartibga solish tizimi hozirgi kunda xalqaro hamkorlik va muvofiqlikni baholash natijalarini taʼminlashning samarali modeli sifatida qaralmoqda. Chunki u dastlab, yagona iqtisodiy makon shakllantirish uchun yaratilgan. Yangi qonun normalarining maqsadi aynan xalqaro savdo-sotiqni rivojlantirish va ichki bozorni bugungi zamon talablaridan kelib chiqib tartibga solish hisoblanadi.
Qonunda isteʼmolchilarni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish texnik reglamentlarni ishlab chiqishning asosiy maqsadlari sifatida belgilangan boʻlib, mahsulot xavfsizligi talablarini belgilash orqali fuqarolarning hayoti yoki sogʻligʻini, atrof-muhitni, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish hamda xaridorlarni chalgʻitadigan harakatlarning oldini olish nazarda tutilgan.
Mahsulotning xavflilik darajasi uning jamoat manfaatlariga yetkazishi mumkin boʻlgan xavf (tahdid) darajasi hisoblanadi. Misol uchun, yuqori darajadagi xavf deb davlat organlarining tezkor aralashuvini talab qiladigan, jamoatchilik manfaatlariga tahdid soladigan, shu jumladan, oqibatlari darhol namoyon boʻlmaydigan har qanday xavfga aytiladi. Qonunda muvofiqlikni baholash texnik reglamentlarning ajralmas qismi ekani qatʼiy belgilanmoqda va mahsulot muvofiqligini baholashda qoʻllaniladigan shakli, tartib-taomillari ochib berilmoqda. Muvofiqlikni baholash (sinovlar, oʻlchovlar, muvofiqlikni baholash va nazorat) davlatga oʻz fuqarolarini xavfli va sifatsiz mahsulotlarni isteʼmol qilishdan himoyalashga imkon beradigan samarali vositadir.
Xavfsiz mahsulot muomalaga chiqarilishini taʼminlaydigan yana bir element texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati amalga oshirilishidir. Davlat nazoratining “nazorat xaridi” shakli joriy etilishi ishlab chiqaruvchi hamda importyorni bozorga doimiy ravishda sifatli mahsulot chiqarishga undovchi omil boʻlib xizmat qiladi. Qonun bilan nazorat qiluvchi organlar oʻrtasida bozorda muomalada boʻlgan yuqori xavf darajasiga ega mahsulotlar toʻgʻrisida oʻzaro axborot almashish imkonini beruvchi tizim yaratilishi belgilanmoqda. Bu ichki bozorni xavfli mahsulotlardan himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Xavfli mahsulotlar uchun tezkor ogohlantirish tizimi koʻplab davlatlarda joriy qilingan boʻlib, bozorda bunday mahsulotlar tarqalishining oldini olish uchun samarali tartibga solish vositasidir. Misol uchun, Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida “RAPEKS” tezkor ravishda oʻzaro xabar berish maxsus tizimi amal qiladi. Endi bizda ham shunga oʻxshash samarali tizim joriy qilinadi.
Savdo aloqalari kengayib, rivojlanib borishi zamonamizning asosiy yutuqlaridan biridir. Lekin har bir davlatda mahsulot ishlab chiqarish va bozorda muomalaga chiqarishning oʻziga xos milliy tartiblari bor va ular bir-biridan farq qiladi. Bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda savdo-sotiqdagi texnik toʻsiqlarni kamaytirishga yordam beradigan umumiy tamoyil va qoidalar mavjud.
Yangi qonun bilan nazarda tutilayotgan oʻzgarishlarning eng muhim jihati normalarning Jahon savdo tashkiloti talablari va xalqaro amaliyot tamoyillariga muvofiqlashtirilayotganidir. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon iqtisodiyoti bilan jadal integrallashuviga xizmat qiladi. Zero, qonun normalari Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik toʻsiqlar toʻgʻrisidagi bitimi talablariga muvofiqdir.
Xususan, unda inson hayoti va sogʻligʻi, xavfsizligini taʼminlash, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini taʼminlash, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, isteʼmolchilar manfaatini taʼminlashga qaratilgan normalar texnik reglamentlarda belgilanishi va ularning hukumat tomonidan tasdiqlanishi kabi meʼyorlar aks ettirildi.
Bu texnik reglamentlarning xalqaro (mintaqaviy) standartlar asosida ishlab chiqarilishini taʼminlaydi. Mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz xalqaro standartlar talabi asosida tayyorlansa va sinovdan oʻtkazilsa, bu ularning eksport geografiyasi kengayishiga zamin yaratadi. Savdodagi texnik toʻsiqlar minimal darajaga tushishi natijasida Yevropa bozorlariga eksport imkoniyatlarimiz kengayadi.
Yangi qonun bilan amalga tatbiq etilayotgan tartiblar, umuman, yangilanish jarayoni tadbirkorlik subyektlariga qanday yengilliklar yaratadi?
Qonunda davlat organlari huzurida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari tuzilishi va ular texnik reglamentlar loyihalari, ularga doir oʻzgartish va qoʻshimchalarni ekspertizadan oʻtkazishi, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish boʻyicha taklif, xulosalar tayyorlashi belgilangan.
Ekspert komissiyalari faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlash maqsadida texnik reglamentlar ishlab chiqishda xususiy sektor fikrlari ham inobatga olingan. Yaʼni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi tarkibiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari bilan birga, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlaridagi tadbirkorlik subyektlarining vakillari kiritilishi shartligi mustahkamlab qoʻyilgan.
Mahsulotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, muvofiqlikni deklaratsiyalash, yaʼni ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi tomonidan oʻz dalillari asosida mahsulotning muvofiqligini baholash shakllari belgilandi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.
Xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, texnik reglament ishlab chiquvchilar bir vaqtning oʻzida ularni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishi, qoidalarni tushuntirishi belgilanmoqda. Bunday tartib tadbirkorlarning texnik reglamentlar talabi haqida oʻz vaqtida tushunchaga ega boʻlish, ularni toʻgʻri qoʻllash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muvofiqlikni baholash texnik reglamentlarning ajralmas qismi sifatida belgilanishi tadbirkorlik subyektlarini mahsulot muvofiqligini baholashda ortiqcha vaqt sarflashdan asraydi.
Eng muhimi, ularni mahsulot muvofiqligini baholash jarayonida korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishidan himoya qiladi.
Azizbek HAMDAMOV,
Oʻzbekiston standartlar instituti direktori