Sud-ekspertiza faoliyatida ashyoviy dalillarni identifikatsiyalash dasturi ishga tushirildi

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori o'rinbosari Uchqun Uzoqov ma'lum qildi.

    Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekpertizasi markazi Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2021 yil 5 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan “Yo'l xaritasi” ijrosi bo'yicha tizimli ishlarni amalga oshirdi. Mazkur farmonda 2021-2025 yillar davomida 16 ta yangi ekspertiza va tadqiqot turlarini joriy etish belgilangan edi. Bugungi kunda ulardan sud-soliq va oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizalarining uslubiy asoslari yaratilib, sud-ekspertlik amaliyotiga joriy etildi. Ushbu yangi ekspertiza turlarini joriy etish orqali nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar, balki xo'jalik yurituvchi sub'ektlar va tadbirkorlarga soliq va oziq ovqat mahsulotlari narx-navosi bilan bog'liq bo'lgan masalalar yuzasidan malakali sud ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari olish imkoniyati yaratildi.

    Shuningdek, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati tashkil etildi. Institut tashkil etilishi orqali sohada zamonaviy ilmiy yondashuvlarni qo'llash, sud ekspertizasining yangi turlari hamda uslubiyotlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish, rivojlangan axborot texnologiyalari va innovatsiyalarni keng joriy qilish ishlarning samaradorligi oshiriladi.

    Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari,sud xodimlari va advokatlar uchun ashyoviy dalillarni olish, sud ekspertizasini tayinlash va uning imkoniyatlarini yoritishga bag'ishlangan elektron amaliy qo'llanma yaratildi. Sud-ekspertiza faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan “Sud ekspertizalari hisobli tizimi” va “elektron ta'lim platformasi” axborot tizimlari joriy etilib, aholiga sud-ekspertlik sohasiga doir ma'lumotlarni tezkor etkazish maqsadida “https://sudexpert.uz/” axborot portali, ekspertiza uchun taqdim etilgan ashyoviy dalillarni identifikatsiyalash dasturi faoliyatga tatbiq etildi.

    Xalqaro hamkorlik sohasida joriy yilda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Turkiya va Kozogiston Respublikalari adliya vazirliklari o'rtasida sud-ekspertlik sohasidagi xamkomkorlikni o'rnatishga qaratilgan memorandumlar imzolandi.