Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi rahbar xodimlari ishtirokida joylarda ommaviy qabullar tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Islamov va Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov rahbarligidagi ishchi guruhlar joriy yilning mart-iyul oylari davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida boʻlib, murojaatchilar bilan muloqot oʻtkazishadi.
Ommaviy qabullar navbati bilan har bir hududda oʻtkaziladi. Dastlabki manzillar – Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Islamov rahbarligidagi ishchi guruhi joriy yilning 3-6-mart kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov rahbarligidagi ishchi guruhi 4-6-mart kunlari Xorazm viloyatida ish olib boradi.
Ommaviy qabullar oʻtkaziladigan manzil va sanalar bilan quyida keltirilgan jadval orqali tanishish mumkin.
Keyingi ommaviy qabullar haqida oldindan maʼlum qilinadi. Qoʻshimcha maʼlumotlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hududlardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilish mumkin.