Sud, sudya va kasb etikasi

    Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi USAID agentligining Oʻzbekistonda huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda Namangan viloyat sudi sudyalari va sud xodimlari uchun mahorat darslari oʻtkazildi.

    Mahorat darsida sudyaning kasbiy odob axloqi yuridik odob-axloqning bir qismi boʻlib, u sudya va protsess ishtirokchilarining ish jarayonida va ishdan tashqari vaqtlaridagi maʼnaviy axloqiy, kasbiy munosabatlariga doir masalalarni oʻrganish va rivojlantirish bilan shugʻullanishi tushuntirildi.

    Bundan tashqari, sudya oʻz faoliyatini sudyalar odob-axloqi talablarini bajarmasdan amalga oshira olmasligi, chunki ushbu faoliyat asosini jamiyatda tarixan shakllangan maʼnaviy va huquqiy talablar tashkil etadi. Shu bilan birga sudyalar odob-axloqining oʻziga xos tomoni shundaki, unga ixtisoslashuvidan qatʼiy nazar tuman (shahar) sudyalari, viloyat sudi sudyalari, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud sudyalari rioya qilishlari shart va majbur ekanligi taʼkidlandi.

    Sudya faoliyatining qonuniy asosini “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonun bilan birga Sudyalar oliy kengashining 2018-yil 29-yanvardagi 490-sonli qarori bilan qabul qilingan Sudyalarning odob-axloq kodeksi tashkil etadi.

    Mazkur Kodeks har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda majburiy boʻlgan yuksak odob-axloq talablariga, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, odil sudlov va sudyalar odob-axloqi sohasidagi xalqaro standartlarga asoslangan qoidalarni belgilashi yigʻilgan tinglovchilarga tushuntirildi.

    Seminar-trening davomida maʼruzachilar tomonidan ishtirokchilarga sud etikasining mazmun mohiyati, xorijiy davlatlarda sud etikasiga oid xalqaro standartlar va xalqaro prinsiplar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi va sudyalarning ish jarayonlari va ishdan tashqari vaqtlarida odob-axloq kodeksi talablaridan kelib chiqadigan kazusli holatlar yuzasidan fikr mulohazalar tinglandi va kerakli koʻnikmalar berildi.