Buni Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga isteʼmolchilar tomonidan sugʻurta faoliyatidan norozi boʻlib yoʻllagan murojaatlar misolida ham koʻrish mumkin. Ana shunday murojaatlardan biri Toshkent viloyati Qibray tumani, Baytqoʻrgʻon QFY, Gulzor koʻchasida faoliyat yuritgan “SOF GIGIENIK” MCHJdan kelib tushdi. Murojaatda qayd etilishicha, ushbu MCHJda yuz bergan yongʻin sababli “EUROASIA INSURANSE” sugʻurta tashkiloti sugʻurta qoplamasini berishda isteʼmolchi huquqlarini poymol etgan.
Gap shundaki, 2018-yilning 4-yanvar kuni “SOF GIGIENIK” jamiyatining ishlab chiqarish sexida yongʻin yuz bergan. Oqibatda “EUROASIA INSURANSE” MCHJ QK sugʻurta tashkiloti tomonidan himoyaga olingan mulklari “HELI CPD30” rusumli yuk koʻtarish mashinasi hamda Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan bolalar gigiyenik pamperslari ishlab chiqarish uskunalari yonib yaroqsiz holga kelgan. Yongʻin-texnikaviy ekspertizasining xulosasiga koʻra, yongʻin jamiyat tomonidan ijaraga olingan sexning shift qismida, tashqi tomondan neft mahsuloti bilan taʼsirlanishi oqibatida kelib chiqqan boʻlishi mumkin deb taxmin qilingan. Buning natijasida, 2018-yilning 4-iyul kuni Qibray tumani IIB tomonidan qoʻshimcha tergovga qadar tekshirish oʻtkazilib, JKning 173-moddasi 2-qismi “b va v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi va jinoyatni sodir etgan shaxsni topish imkoni boʻlmaganligi sababli ushbu jinoyat ishi JPKning 364-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan toʻxtatiladi.
“SOF GIGIENIK” MCHJ sodir boʻlgan yongʻinni sugʻurta hodisasi deb tan olish majburiyatini yuklash maqsadida 1 514 419 000 (bir milliard besh yuz oʻn toʻrt million toʻrt yuz oʻn toʻqqiz ming) soʻmlik hamda 61 600 000 (oltmish bir million olti yuz ming) soʻmlik sugʻurta tovonini undirish boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgan. Sud daʼvo arizasini har tomonlama oʻrganib chiqib, sugʻurtalovchining iltimosiga koʻra sugʻurta himoyasiga olingan, Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan uskunaga yetkazilgan zarar 1 362 977 100 (bir milliard uch yuz oltmish ikki million toʻqqiz yuz yetmish yetti ming bir yuz) soʻm, yuk koʻtarish mashinasiga esa 61 600 000 (oltmish bir million olti yuz ming) soʻmlik zarar yetganligini inobatga olib, zarar summasini sugʻurta puli doirasida undirish talabani asosli deb topib, daʼvogarning talabini qanoatlantiradi.
Sugʻurtalovchi sud qaroridan norozi boʻlib, apellyatsiya shikoyatini kiritadi. Apellyatsiya instansiyasining 2019-yil 19-sentyabrdagi qaroriga asosan 1-instansiya sudi hal qiluv qarori oʻz kuchida qoldiriladi.
Sugʻurtalovchi apellyatsiya instansiyasining qaroridan norozi boʻlib, sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan Oʻzbekiston Oliy sudiga shikoyat kiritgan. Oliy sudning 2019-yil 8-noyabrdagi ajrimiga koʻra sugʻurta kompaniyasiga sugʻurta summasining 60% miqdordagi pul mablagʻini toʻlab berish majburiyatini yuklaydi.
Oliy sudning mazkur ajrimi amaldagi qonunchilik va tuzilgan shartnomaga zid boʻlganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan protest kiritilgan va 2020-yil 5-fevral kuni ish qayta koʻrib chiqish uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga qaytariladi. Rayosatning qaroriga muvofiq 2020-yilning 27-may kuni Toshkent tumanlararo sudi ishni (birinchi instansiya doirasida) oʻrganib chiqib “SOF GIGIENIK” MCHJning daʼvolari oʻrinli deb topadi va ish jamiyatning foydasiga hal qilish yuzasidan qaror qabul qiladi.
Ammo sudning mazkur qaroridan norozi boʻlgan sugʻurta kompaniyasi Toshkent shahar iqtisodiy sudining Apellyatsiya hayʼatiga takroran murojaat qiladi.
Eng qizigʻi bundan oʻn oy avval Toshkent shahar iqtisodiy sudining Apellyatsiya hayʼati tomonidan sugʻurtalanuvchi foydasiga hal qilingan masala, birinchi instansiya hamda Bosh prokurorning protesti asossiz ekanligini, shuningdek, ish yuzasidan sugʻurtalovchining shikoyati qonuniy ekanligi, mazkur shartnomani notoʻgʻri talqin etilganligi shartnoma boʻyicha sugʻurtalovchi yetkazilgan zarardan emas, sugʻurta qoplamasidan proporsional toʻlov amalga oshirilishini lozim topib, birinchi instansiya hal qiluv qarorini bekor qilib yangi qaror qabul qilgan.
Fikrimizcha, Apellyatsiya hayʼati oʻz qarorini amaldagi qonunchilikka va shartnoma talablariga zid ravishda qaror qabul qilgan. Buni quyidagi misollarda koʻrish mumkin.
Birinchidan: Jamiyat va sugʻurta tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnoma sugʻurta hodisasi roʻy bergach bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Chunki barcha holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 929-moddasiga asosan kelishuvga erishib boʻlingan.
Ikkinchidan: Sugʻurta pulidan proporsiya qilib toʻlanishi haqida shartnomada hech qanday kelishuv boʻlmagan, bunga qonun yoʻl qoʻymaydi. Chunki FKning 936-moddasining sharhida sugʻurta qoplamasining summasi aniq koʻrsatilishi lozim, aks holda davlat soliq organlari tomonidan moliyaviy jarima qoʻllanishi koʻzda tutilgan.
Uchinchidan: Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009-yil 28-yanvarda 1891-son bilan roʻyxatga olingan Biznes sohasi uchun sugʻurta xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlari toʻgʻrisida Nizomning 6-bandida sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 929-moddasida nazarda tutilgan sugʻurta shartnomasining muhim shartlari boʻyicha kelishuvga erishilishi hamda ular sugʻurta shartnomasida aniq va ravshan bayon etilishi shart.
Shu oʻrinda birgina haqli savol yuzaga keladi. Nega bitta sud tizimi birgina holat boʻyicha ayro qaror qabul qilmoqda.... Oʻn oy avval Toshkent shahar iqtisodiy sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan mazkur holat isteʼmolchi foydasiga hal etilgan boʻlsa, aynan shu Apellyatsiya hayʼati uch oydan soʻng sugʻurtalovchi kompaniya foydasiga qaror chiqargan. Eng qizigʻi hayʼat tarkibi avvalgi tarkibdan iborat boʻlgan. Nimaga qonunda “koʻrga hassa qilib” yozilgan qonun normasi turlicha talqin qilinmoqda.
Birinchi instansiya sudi hamda Bosh prokuraturaga koʻrinayotgan haqiqat nahot yuqori instansiya sudiga koʻrinmayotgan boʻlsa.
Sud sugʻurtaga oid ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 45-son “Sudlar tomonidan sugʻurta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarori talablari doirasida koʻrishi, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalari doirasida qaror qabul qilishi lozim. Bundan tashqari, federatsiyamiz aynan ushbu murojaat yuzasidan sugʻurta boʻyicha xalqaro ekspertlarga barcha hujjatlar taqdim etdi. Ular tomonidan beriladigan yakuniy xulosalar berilishi kutilmoqda. Ammo mulohaza qilinsa, mazkur holat oddiy algoritm misolidek kundek ravshanku. Chigal jarayon ham emas. Yoki boshqa gap bormi tagida.....?
Yuqorida bejizga sugʻurtaning paydo boʻlish tarixiga eʼtibor qaratmadik. Vaholanki, ming yillar oldin ham zarar koʻrganlar qoʻllab-quvvatlangan. Hozir biz shunday rivojlangan davrda yashab ham eʼtiborning qaratilmayotganligi kishini taajjublantiradi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlarning tegishli javoblarini kutib qolamiz.
Murojaat yuzasidan sugʻurta boʻyicha xalqaro ekspertlarga barcha hujjatlar taqdim etildi. Ular tomonidan beriladigan yakuniy xulosalar berilishi kutilmoqda.
Manija Bahriyeva,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari
federatsiyasi bosh mutaxassisi