Tadbirni Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov kirish soʻzi bilan ochib, Sudyalar oliy maktabi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilganini taʼkidladi.
Mazkur maktabda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kun talablariga javob bera oladigan, professional va yetuk sudyalar korpusini shakllantirishga koʻmaklashish maktab faoliyatining muhim maqsadi.
Oʻtgan yili Sudyalar oliy maktabining magistratura bosqichini 60 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli tamomlagan boʻlsa, bu yil 75 nafar tinglovchi qabul qilindi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, 2019-2020 oʻquv yilida magistratura taʼlim bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan Oliy maktabning 20 ga yaqin ilk qaldirgʻochlari ayni paytda sudyalik lavozimlariga tayinlandi.
Aytib oʻtish kerakki, joriy yil 16-17-sentyabr kunlari maktab magistratura bosqichiga kirish imtihonlari boʻlib oʻtdi. Sudyalar oliy kengashi tomonidan Oliy sud bilan birgalikda belgilangan kvotalar boʻyicha sudyalik lavozimlari zaxirasida boʻlgan 75 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtdi.
Sudyalar oliy maktabi direktori H-M. Isoqov sudyalik lavozimlariga nomzodlarda nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish koʻnikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va ularni qoʻllashni rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim berish yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi. Bundan tashqari, tinglovchilarning sud idoralarida stajirovka oʻtashini har tomonlama samarali tashkil etish yuzasidan yangicha yondashuv asosida maxsus dastur ishlab chiqilgan.
Interfoal oʻqitish uslublarini taʼlim jarayoniga keng joriy etish maqsadida oʻndan ortiq xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarining vakolatxonalari bilan ilmiy-amaliy, oʻquv-uslubiy, axborot almashinuv, moddiy-texnik sohalarda hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Rossiya, Qozogʻiston, Kanada, AQSH, Koreya, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlarning sudyalar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorlik qilinmoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqan magistrlar “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron boʻlishi lozim”, degan shiorga doim sodiq qolishga soʻz berishdi.