Uchrashuv chogʻida koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, F.Oktayning shu yilning iyun oyida Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 6-yigʻilishi yakunida kelishilgan qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni roʻyobga chiqarish holati oʻrganildi. Mavjud kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida hayotga tatbiq etish borasida yaqindan hamkorlik qilishga, shuningdek, HKning samaradorligini oshirishga sodiqlik bildirildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda erishilgan muvaffaqiyatlar alohida taʼkidlandi. Jumladan, 2016-yildan boshlab Oʻzbekistonda turk kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 2 barobar, mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan Turkiya investitsiyalari hajmi esa 10 barobar oshdi. Uchrashuv davomida yirik qoʻshma investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi va ularni jadallik bilan nihoyasiga yetkazib, foydalanishga topshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.

Ikki mamlakat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar yaqin kelajakda mashinasozlik, neft-kimyo, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va farmatsevtika sohalarida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishdilar.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, soʻnggi 5 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi ikki barobar koʻpaydi, joriy yil boshidan buyon esa 70 foizga oshdi. Yaqin kelajakda Oʻzbekiston-Turkiya savdo aylanmasi hajmini 5 milliard dollarga yetkazish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitim yuzasidan kelishish ishlarini yakuniga faollik bilan yetkazishga kelishildi.

Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston va Turkiya hududlari oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun platforma boʻlib xizmat qiladigan Oʻzbekiston-Turkiya mintaqalararo forumini oʻtkazish tashabbusi koʻrib chiqildi.

Shuningdek, keyingi uch yil davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, axborot-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda qoʻshma hamkorlik dasturini ishlab chiqishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelishilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.