Oʻzbekiston ham ana shu ulkan oʻzgarishlar jarayonida yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyib, sunʼiy intellekt va ilgʻor texnologiyalarni milliy rivojlanishning muhim drayverlaridan biri sifatida belgilab olmoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida joriy yil uchun belgilangan ustuvor yoʻna­lishlardan biri iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish ekani be­jiz emas. Chunki barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, global bozorda raqobatbardoshlikni taʼminlash va yangi qiymat yaratish aynan zamo­naviy texnologiyalar bilan uzviy bogʻliq.

Prognozlarga koʻra, kelgusi yilda iqti­sodiyotda 6,6 foiz oʻsishni taʼminlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dol­larga yetkazish rejalashtirilmoqda. Agar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilsa, ushbu koʻrsatkichni yanada oshirish uchun barcha imko­niyatlar mavjud.

Ana shu maqsadda sanoat sohasida “Unumdor­lik va samaradorlikni ikki karra oshirish” da­sturi ishga tushiriladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini oshirishga qaratil­gan alohida loyiha amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus doirasida xalqaro moliya institutla­ridan 200 million dollar miqdorida kredit va grantlar jalb qilinib, sanoat korxonalariga xorijdan yuqori malakali texnolog va muhan­dislar olib kelinadi. Shu bilan birga, biz­nes jarayonlar raqamlashtiriladi, energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish boʻyicha au­ditlar oʻtkaziladi hamda ilgʻor texnologiyalar transferi taʼminlanadi.

Bu islohotlarni tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida “Toʻrtinchi sanoat inqilo­bi markazi” tashkil etiladi. Markaz negizida robototexnika, internet buyumlari, “aqlli” fabrikalar kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalariga joriy etish uchun max­sus tartibga solish mexanizmi yaratiladi. Bu mexanizm korxonalarga yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishdan oldin ular­ni sinovdan oʻtkazish imkonini beradi.

Bugungi kunda sunʼiy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar faqat tex­nologik rivojlanishni emas, balki inson salohiyatini oshirish, bilim va intellektual qudratni yuksaltirishni ham maqsad qiladi. Shu bois, tezkor oʻzgarishlar davrida sunʼiy intellekt qanday imkoniyatlar ochayotgani, qay­si sohalarda yangi salohiyat yaratayotgani va eng muhimi, uning ildizi qaysi omillarga tayani­shi masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida rivojlangan davlatlardan birida sunʼiy intel­lekt vazir lavozimida ishlay boshlagani haqida xabar tarqaldi. Bir eshitganda bu yangilik kishi­da shubha uygʻotishi tabiiy: inson aqli mahsuli boʻlgan dastur qanday qilib bunday masʼuliyatli vazifani bajara oladi? Buning ajablanarli jihati yoʻq. Ilgari faqat buyruq bajaradigan dasturlar endi qaror qabul qilish, tizimni boshqarish darajasigacha yetmoqda.

Koʻpchilik bu oʻzgarishga boshqacharoq yondash­moqda. Odamlar uchun endi vazifani kim ba­jarayotgani emas, qanday bajarayotgani muhim. Yaʼni korrupsiyasiz, shaxsiy manfaatlarsiz, xolis va samarali boshqaruv boʻlayotgan ekan, bu vazifani inson yoki sunʼiy intellekt bajara­yotgani katta ahamiyat kasb etmayapti.

Sunʼiy intellektning bu darajada rivojlanishi qator savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda. Inson ixtiro qilgan sunʼiy idrok odamzoddan ustun boʻlib qolmaydimi, yaʼni sohiblarini boshqara boshlamaydimi? Yoki in­son va texnika oʻrtasidagi munosabatlar kela­jakda qanday shakllanadi? Bu kabi savollarga javob topishdan oldin oʻtmishga yuzlansak.

Sunʼiy intellekt tushunchasi yaqinda paydo boʻlgan emas. Asrlar davomida insoniyat tafak­kur qobiliyatini oshirish, aql-idrokini yanada samarali qoʻllash maqsadida turli ixtirolar yaratib kelgan. Bular zamirida odamzodning mehnati, tafakkuri va intilishi mujassam boʻlgan. Har bir yangilikda inson tafakkuri mahsuli aks etadi. Endi esa bu taraqqiyot yangi bosqichga koʻtarildi, yaʼni sunʼiy intellekt inson tafakkurining bir qismi sifatida ri­vojlanmoqda. Biroq qanchalik tezkor va aniq ishlamasin, unda insonga xos qalb, hissiyot va ruhiy kechinmalar mavjud emas. Ammo mukam­mal aniqlik va samaradorlik bilan harakatla­nadi. Ana shu jihati tufayli sunʼiy intel­lekt koʻpchilikni hayratga solmoqda.

Texnologik taraqqiyot tarixiga nazar tashlasak, sanoat inqilobi jarayonida inson va mashina munosabati izchil oʻzgarib borga­nini koʻramiz. Birinchi sanoat inqilobi qoʻl mehnatidan mashina mehnatiga oʻtishga zamin yaratib, manufaktura sanoati oʻrniga yirik in­dustriya shakllanishiga olib keldi. Bu jarayon mehnat unumdorligining oshishi, shaharlashuv koʻlami kengayishi (urbanizatsiya), iqtisodiy oʻsish va aholi turmush darajasi yaxshilanishi kabi ijobiy oʻzgarishlarda aks etdi.

Ikkinchi sanoat inqilobi esa temir yoʻl qurilishi, elektr energiyasi ishlab chiqari­lishi va kimyoviy sanoat rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Bu davrda konveyer usulida ommaviy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Maz­kur yangilik ishlab chiqarish tezligi va samara­dorligini oshirdi.

Uchinchi sanoat inqilobi davrida avtomat­lashtirish, atom elektr stansiyalari faoliyati, aloqa vositalari va kompyuterlar paydo boʻl­di. Bu bosqichda insonning koʻplab aqliy va­zifalari texnologiyalar zimmasiga yuklandi, yaʼni inson va mashina oʻrtasidagi munosabat yanada chuqurlashdi.

Bunday ulkan oʻzgarishlar insonlarni toʻxtab qolishga emas, aksincha yanada ilga­rilashga undadi. Intellektual masalalar, ilmiy muammolar va fantastik tasavvurlar haqidagi muhokamalar yangi bosqichga koʻta­rildi. Ilgari faqat fantastik asarlarda uchraydigan hodisalar endi hayotga tatbiq etilmoqda. Bugun muhokama markazida turgan sunʼiy intellektga koʻpchilik olim va muta­xassislar toʻrtinchi sanoat inqilobining asosiy belgisi sifatida qaramoqda.

Intellekt axborotni anglash, idrok etish, qayta ishlash, saqlab qolish va asosli qarorlar qabul qilish qobiliyatidir. U insonlar, hay­vonlar va hatto ayrim mashinalarda ham turli darajada mavjud boʻlishi mumkin. Ammo intel­lekt mavjudligi har doim ong mavjudligini anglatmaydi. Intellekt hisob-kitob qilish, maʼlumotni tahlil etish va muammolarni yechish imkonini beradi. Ong esa hissiyotga ega, yuksak psixik faoliyat shakli boʻlib, faqat insonga xos.

Sunʼiy intellekt va neyron tarmoqlar ay­nan shu intellektual qobiliyatga ega dasturlar va qurilmalarni yaratishga qaratilgan tex­nologiyalar majmuasidir. Ular insonning aqliy imkoniyatlarini modellashtirish va amaliy faoliyatga tatbiq etishga qodir.

Hozir maʼlumotlar oqimi tobora ortib borayotgani sababli murakkab muammolarni hal etish jarayoni inson uchun muayyan noqu­layliklar tugʻdirmoqda. Shuning uchun ham sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha dunyo miqyosida izchil ishlar bajarilmoqda. Bu texnologiya insonning ogʻirini yengil qi­lish, samaradorlikni oshirish, yanglishish ehtimolini kamaytirish imkonini bermoqda.

Ayniqsa, tibbiyot sohasida sunʼiy intellektning oʻrni tobora mustahkamla­nib bormoqda. Eng murakkab jarrohlik amaliyotlari sunʼiy intellekt yordamida bajarilmoqda. Bu esa xatar darajasini kamaytirib, samaradorlikni oshirmoqda. Shu bilan birga, sunʼiy intellekt asosida yirik loyihalarni rejalashtirish, vaqt va resurslarni tejash imkoniyati tugʻilmoqda.

Texnologiyaning bu kabi imkoniyatlari keng qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ayrim mamla­katlarda hatto sunʼiy intellektga ixtisoslashgan universitetlar tashkil etilmoqda. Bu taʼlim muassasalari kelajak mutaxas­sislarini tayyorlash, sohaga oid tadqiqot­larni chuqurlashtirish va innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etishda muhim oʻrin tutmoqda.

Milliardlarga tatiydigan loyihalar

Bugun dunyoda sunʼiy intellekt texnolo­giyalari iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yoʻnalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanib ulgurgan ekan, ular davlat boshqaruvida samaradorlik­ni oshirish, resurslardan tejamkor foydala­nish, aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar sifa­tini yaxshilashga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda ham bu boradagi saʼy-harakatlar tobora izchil va maqsadli tus ol­moqda. Davlatimiz rahbari 2025-yil 6-oktyabr kuni mamlakatimizda sunʼiy intellekt tex­nologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng tatbiq etish masalalariga bagʻishlangan taqdimot bi­lan tanishdi.

Taqdimotda davlatimiz rahbari taʼkid­laganidek, sunʼiy intellekt nafaqat iqtiso­diy rivojlanish, balki samarali boshqaruv, xavfsizlik, taʼlim va sogʻliqni saqlashda ham muhim vositaga aylanmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham bu sohada tizimli islohot­lar amalga oshirilib, mamlakatimiz sunʼiy intellektni tatbiq etish boʻyicha xalqaro rey­tingda 17 pogʻona yuqoriladi. Hozir Oʻzbekiston 188 davlat orasida 70-oʻrinni, Markaziy Osiyo boʻyicha esa 1-oʻrinni egallab turibdi.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadi­da 50 million dollar ajratilgan. Sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirildi. Hozir sunʼiy intellektni qoʻllash uchun zarur hi­soblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “super kompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Sohada kadrlar tayyorlash surʼatini oshirish maqsadida koʻplab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sunʼiy intel­lekt yetakchilari” milliy dasturi doirasi­da yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi. Ularda sunʼiy intellekt boʻyicha 5 ta bepul onlayn oʻquv dasturi yoʻlga qoʻyilgan. Dastur doira­sida 2027-yilga qadar 1 million yigit-qiz sunʼiy intellekt sohasiga doir bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi.

Yoshlar — bugungi rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi. Shu bois, ular uchun sunʼiy intellekt hakatonlari tashkil etilmoqda. Yaqinda Nukus shahrida sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha “HealthTech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bunday tashabbuslar boshqa sohalarda ham keng yoʻlga qoʻyilishi reja­lashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari ushbu islohot va loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, ularni yanada ja­dallashtirish, ilgʻor tajribalarni amaliyotga joriy etish va sohaga investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi. Axbo­rot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda “katta maʼlumotlar” bazasini yaratish, ularni qayta ishlash uchun zamonaviy infratuzilma­ni yoʻlga qoʻyish ham belgilandi. Bu esa faqat texnologik rivojlanish emas, balki yangi ta­raqqiyot bosqichining boshlanishidir.

Oʻzbekiston bugun oʻz taraqqiyot yoʻli­da muhim bosqichga yetdi. Bu borada ilm, tafakkur, yangi gʻoyalar va zamonaviy yechimlar­ga asosiy ustuvor omil sifatida qaralmoqda. Sunʼiy intellektni keng joriy etishga doir saʼy-harakatlar yurtimiz faqat texnologik taraqqiyotni emas, balki inson salohiyatini rivojlantirish, har bir fuqaroning bilim va imkoniyatlarini yuksaltirishni maqsad qi­lib olganini koʻrsatadi. Inson va sunʼiy in­tellektning hamkorligi bugun biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu imkoniyat­lardan unumli foydalanish esa ertangi kuni­mizni qanday qura olishimizga bogʻliq.

Imkoniyat soyasidagi xavflar

Sunʼiy intellekt hayotimizga qulaylik olib kirish bilan birga butun jamiyat va global iqtisodiy tizimni oʻzgartirish qo­biliyatiga ham ega. Ilgari faqat fantastik asarlarda uchraydigan robotlar, intellektu­al dasturlar va mashinalar endi hayotimiz­ning ajralmas qismidek namoyon boʻlmoqda. Qator olimlar sunʼiy intellektga faqat manfaat keltiradigan soha emas, balki cheksiz qudratga ega boʻlib borayotgan tizim sifatida qaramoqda. Uning oqibatlari haqida turli farazlarni ilgari surmoqda.

— Sunʼiy intellekt matematika, dasturlash, biologiya kabi yoʻnalishlar boʻyi­cha falsafa doktori talablari darajasi­da yaxshi natija koʻrsatmoqda. Menimcha, 2026-2027-yillarga borib, deyarli barcha yoʻnalishni hamma odamdan yaxshi biluvchi sunʼiy intellekt tizimlariga ega boʻlamiz, — deydi ANTHROPIS kompaniyasi asos­chisi Dario Amodei. — Sunʼiy intellekt yordamida dunyodagi barcha muammoni bir zumda hal qilish mumkinmi? Menimcha, yoʻq. Masalan, mustaqil harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish muammosi hanuzgacha dolzarb. Shuning uchun sunʼiy idrok imkoniyatlari fizik olamning xusu­siyatlari va qonuniyatlari bilan cheklangan. Farmatsevtika sohasini olaylik: sunʼiy intellekt bizga klinik sinovlarni tez­lashtirish imkonini beradi, biroq ularni baribir odamlar oʻtkazishiga toʻgʻri kela­di. Chunki fizika va biologiyadagi qonu­niyatlar bilan hisoblashish kerak. Agar sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalanilsa, biologiya kabi yoʻnalishlar boʻyicha 5-10 yilda 100-yillik taraqqiyotga erishish mumkin.

Sunʼiy intellektni rivojlantirish jarayonida nafaqat texnologiya va iqtiso­diyot, balki axloq, huquq va inson qadr-qim­mati nuqtayi nazaridan yondashish talab eti­ladi. Qonunchilik, nazorat tizimlari va xalqaro standartlar ushbu texnologiyalardan xavfsiz va masʼuliyatli foydalanishni kafo­latlashi zarur.

— Universal sunʼiy intellektni oʻrganish uchun koʻproq sarmoya ajratilishi lozim. Uni ishlab chiqish qoʻlimizdan kelmoqda. Bu borada aniqlashtirilishi zarur boʻlgan juda koʻp jihat bor. Shaxsan men bu jarayonning markazida boʻlsam ham sunʼiy intellekt taraqqiyotining sekinroq boʻlishini xohlayman. Biroq jarayon tobora tezlashmoqda, — deydi Stenford uni­versiteti professori Yechin Choy. — Menimcha, sunʼiy intellektni oʻzini oʻzi takomillashti­rishiga emas, inson hayotini yaxshilashga koʻproq yoʻnaltirish lozim. Bu orqali insoniyat oldida­gi eng murakkab savollarga javob topish imko­niyati kengayadi. Masalan, tabiiy ofatlar, oʻrmon yongʻinlari kabi hodisalarni qanday boshqarish mumkin? Ularni oldindan taxmin qilish yoki modellashtirish mumkinmi? Shuningdek, sunʼiy intellektni shunchaki rivojlantirish oʻrniga unga inson qadriyatlari va axloqiy meʼyorlarni oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratish kerak, deb bilaman.

Sunʼiy intellekt insoniyatning eng ulkan ixtirosi boʻlishi mumkin. Biroq u aniq maq­sad, masʼuliyat va inson manfaatlariga xizmat qilishi shart.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri