Maʼlum qilinishicha, 2003-yilda tugʻilgan sariosiëlik fuqaro 2023-yilda mavsumiy ishlash maqsadida Rossiyaning Dogʻiston Respublikasi Mahachqalʼa shahriga borgan. U yerda mahalladoshi, “Muhammad” laqabli tengdoshi bilan yaqin aloqa oʻrnatib, ijtimoiy tarmoqlarda aqidaparastlik gʻoyalari singdirilgan videomateriallarni koʻrish orqali radikal gʻoyalar taʼsiriga tushgan.

Keyinchalik ular yana bir mahalladoshini oʻz safiga jalb qilib, Suriyaga borishni rejalashtirgan. Safar xarajatlari uchun guruh aʼzolaridan biri Rossiyada mehnat migranti boʻlib ishlayotgan oila aʼzolari jamgʻargan mablagʻning bir qismini ruxsatsiz olgan.

Uchovlon Mahachqalʼa–Moskva yoʻnalishida avtobusda yoʻlga chiqib, keyin Moskvadan Istanbul orqali Suriyaga borishni rejalashtirgan. Biroq Moskvadagi kelishmovchilik sabab ularning ikki nafari ortga qaytgan. “Muhammad” esa Qozon shahrida qotillik sodir etib, Rossiya qonunchiligi asosida jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Guruhning 2005-yilda tugʻilgan aʼzosi Oʻzbekistonga deportatsiya qilingach, Jinoyat kodeksining 244-1 va 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, sud hukmi bilan 7-yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shunga qaramay, guruh faoliyati davom etgan. Mahachqalʼa shahrida ishlayotgan 1999 va 2001-yillarda tugʻilgan yana ikki nafar sariosiëlik fuqaro yashirin guruhga qoʻshilib, terrorchilik tashkilotlari gʻoyalarini targʻib qilgan hamda kelgusida jangarilar safida qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirgan.

2025-yil sentyabr oyida guruh faolligi yana kuchaygan. Ular Mahachqalʼada huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshi jinoiy harakatlar sodir etishga uringan. Bundan tashqari, Sariosiyoda yashovchi 2004-yilda tugʻilgan yana bir fuqaro ijtimoiy tarmoqlar orqali guruh safiga jalb qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Rossiya huquq-tartibot idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida guruh faoliyatiga chek qoʻyilgan. Tergov jarayonida ularning jinoiy harakatlari oʻz isbotini topgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Sariosiyo tuman sudi hukmi bilan 4 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 155-2, 244-1 va 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Sud hukmiga koʻra, ularning har biri 8-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.