Surxondaryo va Toshkentda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi

    Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida katta miqdordagi gashish hamda sintetik narkotiklar bilan shugʻullangan bir nechta shaxslar qoʻlga olindi.

    Surxondaryo viloyatida DXX va IIBB hamkorligida oʻtkazilgan tadbir chogʻida Termiz shahrida 1985-yilda tugʻilgan shaxs oʻz boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomobilda 50 kg 978 gramm “gashish”ni olib ketayotgan vaqtda ushlandi.

    Tekshiruvlar davomida uning yashash xonadonidan qoʻshimcha 186 gramm shu modda ham topildi. Uning 1986-yilda tugʻilgan sherobodlik jinoiy sherigi ham qoʻlga olingan.

    Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Afgʻonistondan aylanma yoʻllar orqali olib kirilgan boʻlib, ular tomonidan kelgusida sotish niyatida boʻlgan. Qonunbuzarlarning biri — giyohvandlik vositalari savdosi, ikkinchisi esa firibgarlik uchun avval ham sudlangan.

    Toshkentda kuzatilgan holatda esa Uchtepa tumanida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan fuqaro “Telegram” orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shugʻullangani fosh etildi. DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va IIV xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda u 225 gramm “Alfa PVP” moddasi bilan ushlandi.

    Tergov davomida uning 2005-yilda tugʻilgan tanishi ham 2 dona “Regapen” dori vositasi bilan qoʻlga tushdi. Dori vositasi Mirzo Ulugʻbek tumanidagi dorixonalardan biridan noqonuniy sotib olingani aniqlandi.

    Shu dorixonaning norasmiy sotuvchisi mijozga 14 dona “Regapen”ni 1 mln 200 ming soʻmga sotgan vaqtida ushlandi. Yordamchi ombordan esa 20 200 dona “Gabaten”, 823 dona “Regapen”, 100 dona “Galara” va 4 dona “Torgabalin” hujjatsiz preparatlar topildi.

    Barcha holatlar boʻyicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.