Hokimlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovning “Tadbirkorlar qabuli” onlayn formatda oʻtkazilmoqda.

Bugun joriy hafta uchun rejalashtirilgan qabul avvalida hududlarda tadbirkorlar bilan ishlash, qabulni samarali tashkil etish borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilinib, ayrim masʼullarga nisbatan keskin chora koʻrildi. Jumladan, Jarqoʻrgʻon tumani hokimi oylik ish haqqisidan 40 foiz jarimaga tortildi.

Viloyat Savdo-sanoat palatasi boshligʻiga hayfsan berildi va viloyat prokuroridan prokuraturaning masʼul xodimiga chora koʻrish soʻraldi. Bundan tashqari Jarqoʻrgʻon tumani hokimining birinchi oʻrinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va tumanda viloyat ishchi guruhi tomonidan jismoniy va yuridik shaxlarning murojaatlari ijrosi yuzasidan monitoring oʻtkazilishi belgilandi.

Shuningdek, Turonbank, Xalqbank va Aloqabank rahbarlari, Qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi va Kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi boshliqlari, Boysun, Shoʻrchi va Denov tumanlari hokimlarining birinchi oʻrinbosarlariga hayfsan jazosi berildi va javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqish topshirildi. Tadbirkor murojaatini oʻrganib, hal etish chorasini koʻrmagan Qishloq qurilish bankning kreditlash boʻlimi boshligʻi ishdan olindi.

Shundan soʻng, viloyat rahbari videokonfrensaloqa tarzida hududiy studiyalardan ishtirok etayotgan 55 nafar tadbirkorning 64 ta murojaatini tingladi. Koʻtarilgan masalalarning 15 tasi qabul davomida ijobiy hal etildi. 49 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganib chiqish va hal etish choralarini koʻrish vazifasi bilan masʼullarga yoʻnaltirildi.