Bu haqda DXX xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil avgust oyida giyohvandlik vositalari kontrabandasi va savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari hamda Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida 2005 va 2006-yillarda tugʻilgan ikki nafar mahalliy fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtib, Tojikiston Respublikasidan 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” moddalarini olib kelayotgan vaqtida ushlandi.
Shundan soʻng tezkor harakatlar davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari — Uzun tumanida yashovchi 2000 va 2004-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs hamda “ajal ogʻusi”ning buyurtmachisi sifatida gumon qilingan, Denov shahrida istiqomat qiluvchi 2000-yilda tugʻilgan fuqaro ham protsessual tartibda qoʻlga olindi.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Uzun tuman sudi hukmiga asosan, ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 223, 246 va 273-moddalari bilan aybli deb topildi. Sud qaroriga koʻra, ularning har biri 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mutasaddi idoralar giyohvandlik vositalari kontrabandasi va savdosiga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni izchil davom ettirmoqda. Jinoyatga jazo muqarrar.