Aniqlanishicha, Tez tibbiy yordam Boysun tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i K.A. va katta hamshira G.R. 2019-2022 yillarda o‘zlarining ixtiyorida bo‘lgan jami 220,7 million so‘m ish haqini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 10-iyun kuni IJQKD tuman bo‘limi tomonidan ularga nisbatan O‘zbekiton Respublikasi JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘tkazilgan dastlabki tergov jarayonida jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan G.R. sog‘ligi yomonlashganini ro‘kach qilgani sababli 3 avgust kuni soat 15:30da tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shu kuni birlashmaning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i vrach-reanimatolog tomonidan G.R.ga neyroz sirkulyator distoniya aralash turi hamda astenonevrotik sindromi kabi tashxislari qo‘yilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan.
4-avgust kuni Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vrach-nevropotologi tomonidan G.R.ga ko‘rikdan o‘tkazilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan va unda biror-bir potologik reflekslar kasalligi aniqlanmagan. 5 avgust kuni soat 16:45da G.R.ning sog‘ligi qoniqarli bo‘lgani sabab uyiga javob berilgan.
Tergov davomida, jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani sababli ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan.
G.R.ning kasal holida so‘roq qilish tergov harakatiga jalb etish uchun tuman prokuraturasiga olib borilgani holati rad etiladi.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.