Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining maʼlum qilishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi, Jarqoʻrgʻon tumani DXX, viloyat IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Jarqoʻrgʻon tumani hududida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish maqsadida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur tumanda yashovchi fuqaro E.N. va M.A.lar ikki dona qora rangli polietilen paketga solingan oʻziga xos oʻtkir hidli, yashil rangdagi moddalarni shartli xaridorga 112 million soʻmga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻlga olindi.
Ushbu moddalar tegishli tartibda ekspertiza tekshiruvidan oʻtkazilganda sof vazni 850 gramm boʻlgan “Marixuana“ giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Maʼlumot uchun, oʻtgan 2024-yil davomida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 55 ta holatda 193,33 kilogramm giyohvandlik vositalari, 438 litr sintetik giyohvandlik vositalari va 760 dona giyohvandlik tabletkalari ushlab qolingan.