Sut mahsulotlari ustiga uning tabiiy yoki quruq sutdan ishlab chiqarilganini yozib qoʻyish shart boʻladi

    2025-yilning 1-sentabridan boshlab, sanoat sharoitida qayta ishlangan va importdan keltirilib realizatsiya qilinayotgan sut va sut mahsulotlarini kamida har olti oyda bir marta davriy baholashdan oʻtkaziladi.

    Bunda davriy baholash bilan bogʻliq harajatlar Savdo-sanoat palatasining Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

    Shuningdek, sut va sut mahsulotlarining tamgʻasida “tabiiy sut”, “tabiiy sutdan ishlab chiqarilgan” yoki “quruq sutdan ishlab chiqarilgan” yozuvlarini majburiy koʻrsatish tartibi joriy etiladi.

    Ushbu tartiblar Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasida belgilab qoʻyilmoqda.

    Hujjat loyihasida, shu bilan birga SSP zimmasiga Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-iyunga qadar “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifatni nazorat qilish markazi” davlat muassasasining hududiy laboratoriyalarida, xususan dastlabki bosqichda Toshkent, Samarqand, Namangan viloyatlarida sut va sut mahsulotlarining xavfsizligini toʻliq tahlil qilish uchun laboratoriyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va laboratoriyalar vakolatlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi qoʻyilgan.